Breaking News

Rossiyani aslida kim boshqarmoqda? Medvedev yoki Putin?


Medvedev prezidentlikka saylanganiga 4 oydan oshibdiki, bu savol jahon siyosatdonlarini qiynab kelmoqda.

Ayrimlar nazarida prezident Medvedev hamon bosh vazir Putinning shogirdi va u chizgan chiziqdan chiqmaydi. Putin, deydi tahlilchilar, mamlakat siyosiy-iqtisodiy boshqaruvidagi mavqeini saqlab qolgan.

Rossiya bo'ylab zangori ekranlar yangi, yosh va g'ayratli prezident Medvedevni, uning chet davlat rahbarlari bilan uchrashuvlari-yu, muhim bayonotlar qilayotganini ko'z-ko'z qiladi.

Bosh vazir Vladimir Putin ham tez-tez ko'rinish berib turadi. Go'yoki, deydi sharhlovchilar, ikki rahbar bir-birini to'ldirib turgandek.

Siyosatshunos Yevgeniy Volk fikricha "Medvedev ichki va tashqi siyosatda sobiq prezident boshlab bergan yo'ldan bormoqda. O'rtada nozik farqlar bor, albatta: Medvedevning gapirish uslubi, o'z fikrlarini tushuntirish yo'li boshqacharoq, biroq siyosiy qarashlari Putinniki bilan hamohang".

"Tashqi siyosatda", deydi Volk, "Rossiya sobiq Sovet Ittifoqi kabi buyuk derjava maqomiga ega bo'lmoqchi. Ushbu intilishlar ayniqsa Rossiyaning Gruziyaga qarshi harbiy yurishida yaqqol ko'zga tashlandi. Kreml Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olib, mintaqa uning ta'siri ostida ekanini namoyon qildi".

Harbiy tahlilchi Pavel Felgengauer deydiki, aslida Rossiyaning strategik maqsadlari kengroq hududni qamrab oladi. Jumladan, Ukraina, Belarus, Kavkaz va Markaziy Osiyo.

"G'arb va NATO tashkiloti bu davlatlarga yo'lamasin va a'zolikka taklif qilmasin - Kremlning niyati shu", - deydi Felgengauer.

Gruziyadagi mojaro ketidan Vashington-Moskva aloqalari keskin sovuqlashgan. Bosh vazir Vladimir Putin AQShni Gruziya armiyasini tayyorlab, urush olovini yoqqanlikda ayblagan. AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays ta'biricha esa Rossiya agressiv siyosati bilan o'ziga choh qazimoqda.

Kelasi oy Rossiya AQShning shundoq biqinida, Karib dengizida Veneseuela bilan harbiy mashqlar o'tkazadi. Shuningdek, harbiy xarajatlarini 28 foizga oshirmoqda.

Siyosatshunoslar nazarida Kreml ustun kelayotgan bo'lsa-da, G'arb bilan qarama-qarshilik natijasida Rossiya iqtisodiyoti talofat ko'radi. Yirik sarmoyadorlar mamlakatdan milliardlab dollar mablag'ini olib chiqib ketgan.

Moskvada izlanayotgan olima Rouz Gotemyullerning aytishicha, xalqaro kompaniyalar Rossiya bozoriga pul tikishi uchun ular ishonchini qozonish lozim. "Rossiyaga iqtisodiy o'sishni ta'minlash, infratuzilmasini yangilash uchun katta miqdorda sarmoya kerak".

Shunga qaramasdan, iqtisodchilar fikricha Rossiya jamlagan 500 milliard dollar zaxirasi hisobiga, xalqaro maydonda kuzatilayotgan moliyaviy inqirozdan nisbatan omon chiqishi mumkin.

Kavkazdagi mojaro Rossiyaning asl rahbari kim ekani haqidagi savollarga biroz oydinlik kiritdi, deydi tahlilchilar. Urushning ilk kunlaridayoq Vladivostokka safar qilib, harbiylar bilan uchrashgan Medvedev emas, Vladimir Putin edi.
XS
SM
MD
LG