AQSh Ozarbayjon prezident saylovlaridan mamnun, biroq xatolar bor


Ozarbayjondagi prezident saylovlarida amaldagi rahbar Ilhom Aliyev zafar qozongan. Saylovchilarning 89 foizi Aliyevni qo’llab-quvvatlamoqda.

G’arb kuzatuvchilari nazarida jarayon ancha erkin va oshkora o’tgan, biroq xato va kamchiliklardan xoli emas.

Vashington nazarida Ozarbayjon demokratiya sari odimlamoqda.

Sobiq Sovet ittifoqi qulaganidan beri Ozarbayjon xalqi ikki rahbarni ko’rdi – Haydar Aliyev va uning o’limi ketidan hokimiyatga kelgan o’g’li Ilhom Aliyev. Vashington nazarida bu galgi saylovlar nisbatan adolatli, ochiq o’tganini tan olish zarur, biroq qilinadigan ishlar talay.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilari ham jarayon benuqson emas demoqda.

Mamlakat rahbari lavozimiga Aliyevdan tashqari yana 5 arbob kurashdi.

Biroq barchasi Aliyevga sodiq va xayrixoh odamlar. Ozarbayjondagi 5 muxolif partiya saylovlarni boykot qilgan. Ularning bildirishicha targ’ibot-tashviqot qilishga sharoit yo’q, qolaversa matbuot hukumat nazorati ostida.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Shon Makkormak Ozarbayjon xalqini tabriklar ekan, xulosa qilishga shoshilmaydi.

”Avvalgi saylovlarga qiyoslaganda ijobiy o’zgarish borligi ravshan”,- deydi Makkormak. Biroq Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylov jarayoniga hali to’liq baho bergani yo’q, maxsus hisobot chiqishi kutilmoqda. Kamchiliklar bor ekan, uning ustida ishlash zarur, deydi Davlat departamenti rasmiysi.

G’arb kuzatuvchilar fikricha hukumat jarayon erkin va adolatli o’tishi uchun sharoit yaratishga harakat qilgan. Lekin saylov kuni xatolar bo’lgan, ovozlar to’g’ri sanalmagan.

Qo’shma Shtatlar Kaspiy dengizi bo’yidagi bu davlatga yirik hamkor sifatida qaraydi. Ozarbayjon neft va gazga boy. Markaziy Osiyo energiya zaxiralari shu davlat orqali G’arbga chiqishi mumkin.

Biroq Vashington Ilhom Aliyevni inson huquqlarini e’zozlashga undab keladi. Tog’li Qorabog’ mojarosi ham yechimini kutmoqda va Amerika Ozarbayjon va Armaniston orasidagi vositachi davlatlardan biri.

XS
SM
MD
LG