Moliyaviy inqiroz – o'zbekistonlik muhojirlar ishsiz, yurtiga qaytmoqda


Jahon Banki tahlilicha global moliyaviy inqiroz Kavkaz va Markaziy Osiyodagi vaziyatga ham jiddiy ta`sir qiladi.

Ayniqsa, aholi daromadi chetdan kelayotgan davlatlar uchun moliyaviy inqiroz jiddiy qiliyinchiliklar tug`diradi.

Sharhlovchilarning aytishicha, keyingi yillarda O`zbekiston aholi turmush darajasining nisbatan ko`tarilishiga xizmat qilgan mehnat muhojirlari Rossiyadagi moliyaviy inqiroz asoratlari tufayli yurtiga qayta boshlagan.

Jahon Banki ma`lumotiga ko`ra, Markaziy Osiyo davtlatlarida inqiroz asoratlari eksport hajmi va chetdan kelayotgan mablag`ning kamayishi bilan kuzatiladi.

Bu ichki bozordagi tanglik, ayniqsa, oziq-ovqat narxining ko`tarilishiga olib kelishi mumkin.

Jahon Bankining Yevropa va Markaziy Osiyo masalalari bo`yicha vitse-prezidenti Shigeo Katsu nomidan bildirilgan bayonotga ko’ra, bir qancha davlatlar uchun chetdan jo`natilayotgan mablag` to`g`ridan-to`g`ri kiritilayotgan investitsiyalardan keyin ikkinchi o`rinda turuvchi moliyaviy manba hisoblanadi.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, Jahon Banki ta`kidlayotgan manba O`zbekistonda aholi turmush darajasini belgilashda birinchi o`rinda turadi.

“Chunki bizda investitsion muhit shakllanmagan. Bozor iqtisodiga o'tilmadi; sarmoyalar ham davlat tashkilotlari yoki muayyan guruhdagi odamlarga tegishli, xalqqa aloqasi yo`q. Bir oyda 100 million dollarga yaqin naqd pul haqida gap ketayapti, muhojirlar vataniga yuborayotgan. Bu O`zbekiston iqtisodi uchun juda katta pul”, - deydi “Tezkor guruh” tahlil markazi vakili Suhrob Ismoilov.

O`zbekistonlik mehnat muhojirlarining asosiy qismi Rossiyada va Qozog`istonda. Muhojirlar, asosan, qurulish va xizmat ko`rsatish sohasida ishlab pul topadi.

Mustaqil ekspert Rashid Taymurovning aytishicha, moliyaviy tanglik asorati Rossiya va Qozog’iston iqtisodiyotida kuzatilmoqda. Yaqin kelajakda bu mamlakatlar iqtisodidagi o`sish sekinlashadi.

“Bu O`zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotga ehtiyojni kamaytiradi, eksport hajmi sekinlashib, iqtisod o`sishiga ta`sir ko`rsatadi. Bundan tashqari, Rossiya va Qozog`istonda so`nggi yillarda tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan ko`chmas mulk bozorida investitsiyalar oqimi to`xtaydi. O`z navbatida mehnat kuchiga bo`lgan ehtiyoj yo`qoladi”, - deydi Rashid Taymurov.

Suhrob Ismoilovning so’zlariga ko`ra, Rossiya iqtisodida tanglik boshlangan, qurilish kompaniyalari yopilmoqda, bu haqda yurtga qaytayotgan mehnat muhojirlari gapirmoqda.

“Yaqinda qaytgan muhojirlar bilan gaplashdik. Muhojirlar guruh-guruh bo`lib vatanga qaytayapti. Buning ikki sababi bor. Birinchisi - ular ishlayotgan sohalar yopilayapti, ish to`xtagan. Ikkinchi sababi - ularga pul berishi kerak bo`lgan korxonalar, shaxslar pul berishdan bosh tortayapti, chunki iqtisodiy tanglik sezila boshlangan”, - deydi Suhrob Ismoilov.

Jahon Banki moliyaviy beqarorlik munosabati bilan mintaqa davlatlarini kam ta`minlangan aholi qatlamini ijtimoiy homoyalash chora-tadbirlarini kuchaytirishga chaqiradi. Birinchi navbatda oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilg`i narxi ko`tarilishidan himoyalash nazarda tutiladi.

Hozirgacha mehnat muhojirlari topayotgan daromad o`zbekistonliklar uchun tirikchilikning asosiy manbasi bo`lib kelayotgan edi.

Moliyaviy inqiroz asoratlari o'laroq O`zbekistonda nafaqat muhojirlar daromadi xavf ostida, balki ishsizlar soni ham yanada ko'paymoqda.

XS
SM
MD
LG