Obama va Makkeyn ta'lim sohasini yangilamoqchi


AQShda prezidentlikka nomzodlar nafaqat iqtisodiyot, Iroq, Afg’oniston va terrorizm borasida, balki ta’lim masalasida ham bahslashmoqda.

Respublikachi senator Jon Makkeyn qoloq maktablarni yopish, ta’lim dargohlari o’rtasida raqobatni oshirish zarur deb hisoblaydi.

Demokrat Barak Obama esa muallim maoshini oshirib, ta’lim metodlarini isloh qilish kerak deydi.

Qo’shma Shtatlar ta’lim sohasiga eng ko’p mablag’ ajratuvchi davlatlardan biri.

Mamlakatda ta’lim mavzusi bilan asosan shtat rasmiylari va okrug ma’murlari shug’ullanadi.

Biroq federal hukumat ham qo’l qovushtirib o’tirmaydi. 2007 yilda federal byudjetdan 70 milliard dollar sarflangan.

AQSh universitetlari dunyoning eng sara ta’lim dargohlari sanalsa-da, maktablar xarob ahvolda. Muammo shundaki, deydi Amerika O’qituvchilar Federatsiyasi (American Federation of Teachers) rasmiysi Antoniya Kortez (Antonia Cortese), ta’lim maskanlariga va’da qilingan pul manzilga yetib bormayapti.

"Natijada maktablar o’z hisobidan pul sarflashga majbur. Mablag’ yo’q, bolalar o’qishni tashlamoqda. Bahosi past maktablar esa yopilmoqda, murabbiylar ishdan haydalayapti. Sababini chuqurroq izlashni hech kim xayoliga ham keltirmaydi. Bolaning uyida muammo bordir, to’yib uxlamay kelgan boladan nima kutish mumkin? O’qituvchiga ham yordam kerakdir deb savol berayotgani yo’q hech kim", - deydi Antoniya Kortez.

2002 yilda Bush ma’muriyati “No Child Left Behind” – “Hech bir bola ilmsiz qolmasin” dasturini ishlab chiqqan edi. Unga ko’ra maktablar bir andoza asosida ishlashi kerak, har bir bola o’qish va hisob-kitobni bilishi shart. Sinovdan o’ta olmagan, o’quvchilari yiqilgan maktablar jazolanadi.

"Vaholanki, qoloq maktablarni yopaman deb dag’dag’a qilish emas, yordam berish kerak. Demokrat nomzod Barak Obama shunday qilmoqchi va O’qituvchilar Federatsiyasi uni qo’llab-quvvatlamoqda", - deydi Antonia Kortez.

Obama ta’lim sohasini isloh qilish va ko’proq pul ajratish kerak, demoqda. Bola bog’chada va maktabda birday e’tiborga muhtoj.

"Yoshlikda sarflangan pul 15-20 yil o’tib meva beradi. O’qituvchilar saviyasi va malakasini oshirish uchun moliya ajratish lozim", - deydi Obama.

“Maktabdan tashqari faoliyat, ko’ngilli dasturlarni ko’paytirsak, bolalar bo’sh qolmaydi, jinoyat, bezorilik qilmaydi”, deydi demokrat nomzod.

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Jon Makkeyn esa boshqacha fikrda. Uning nazarida hukumat ta’lim sohasiga imkon qadar kam aralashishi kerak.

"Pul bilan muammoni yechib bo’lmaydi. AQShda ba’zi eng qoniqarsiz maktablar yaxshigina ta’minlangan", - deydi Makkeyn.

"Davlat byudjetidan ta’limga shudog’am ko’p mablag’ sarflanmoqda, ortiqcha xarajatga hojat yo’q".

Makkeyn fikricha, maktablar o’zaro raqobat qilishi, bolada istagan maktabini tanlash imkoniyati bo’lishi kerak.

"Bolaga yaxshi ta’lim bergan murabbiylarni rag’batlantirish, repetitorlik xizmatini oshirish kerak", - deydi Makkeyn.

Bir nomzod raqobat va tejamkorlikni ma’qul ko’rsa, ikkinchisi ko’proq maosh, imtiyoz va mo’l sarmoya taklif qilmoqda. Tanlash esa saylovchiga havola.

XS
SM
MD
LG