Gruziyalik qochqinlarning bir qismi uyiga qaytgan


Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo'yicha Oliy komissari Ron Redmondning aytishicha, Gruziyadagi harbiy mojaro oqibatida uylarini tark etgan ko'plab odamlar qishloqlariga qaytib borgan.

Tashkilot kuzatuvchilariga ko'ra, Janubiya Osetiya atrofida yashovchi jami 20 mingdan ziyod kishi rus qo'shinlari hududni 8 oktyabr kuni tark etgach, uylariga qaytgan.

"Ba'zilar butunlay qaytayotgan bo'lsa, boshqalar avval vaziyatni o'rganish uchun qaytmoqda. Biz ularni minalar va portlamay qolgan snaryadlardan ehtiyot bo'lishga chaqiryapmiz. Chunki ba'zi joylarda buning oqibatida odamlar qurbon bo'lmoqda," deydi Ron Redmond.

Avgust oyida boshlangan urush natijasida o'n minglab odamlar uylarini tark etishga majbur bo'lgan. Ko'plari Gori shahridan qo'nim topgan. Ba'zilari davlat idoralarida yashashga majbur bo'lgan. Ammo hammaga ham joy yetmagach, BMT qochqinlar agentligi palatkalar o'rnatib minglab odamlarni boshpana bilan ta'minladi.

Agentlik rahbari Ron Redmondning aytishicha, odamlar uylariga qaytib borgach, Goridagi qochqinlar lageri yopilgan.

"Avgustda Gruziya rasmiylari tomonidan qayd etilgan 133 ming qochqindan 78 mingdan ziyodi uyiga qaytib bo'lgan. Qolganlariga vaqtinchalik boshpana berilgan. Chunki ularning uylari vayron bo'lgan," deydi Redmond.

Ba'zilar Goridagi oilalar bilan turibdi, boshqalar esa ijaraga kvartira olgan. BMT rasmiysining aytishicha, ayni damda ishlatilmayotgan davlat idoralari qish uchun hozirlanadi. Bularning barchasi uchun pul kerak, deydi Ron Redmond. Qochqinlar agentligi shu maqsadda xalqaro donorlardan kelasi olti oy uchun 45 million dollarga yaqin pul so'ramoqda.

XS
SM
MD
LG