Kolin Pauell saylovlarda Obamaga ovoz beradi


AQSh sobiq davlat kotibi respublikachi Kolin Pauell saylovlarda demokratlardan prezidentlikka nomzod Baraka Obamani qo'llab-quvvatlashini ma'lum qilgan. Pauell Obamani Amerika hayoti va siyosatida keskin burilish hosil qila oladigan siyosatchi deb ta'riflagan.

"U yaxshi prezident bo'la olishini isbotlay oldi. Jahon sahnasiga, Amerika sahnasiga chiqayotgan yangi avlod rahbari. Shu sabab ham men Obama uchun ovoz beraman," deydi Pauell.

Sobiq davlat kotibidek ko'zga ko'ringan siyosatchining demokrat nomzodni qo'llab-quvvatlashi Obama uchun ijobiy hol bo'ldi. Pauell qora tanli bo'lib, Jorj Bushning birinchi prezidentlik muddati davrida davlat kotibi, undan oldin esa mamlakatning birinchi raqamli harbiysi bo'lgan.

Uning aytishicha, Obama ham, raqibi Jon Makkeyn ham oliy qo'mondon lavozimiga munosib, ammo Obama mamlakatni iqtisodiy tanazzuldan chiqarish va mamlakatning xorijdagi obro'sini ko'tarishni yaxshiroq eplaydi.

"Iqtisodiyot birinchi darajali masala. Yangi prezident u bilan darhol shug'ullana boshlashi kerak bo'ladi. Bu masala amerikaliklarni tashvishga solmoqda. Nafaqat amerikaliklarni, balki butun dunyoni," deydi Pauell.

Iste'fodagi generalning aytishicha, senator Makkeyn uning partiyadoshi va do'sti, ammo Sara Peylinni vitse-prezidentlikka nomzod qilib olib katta xato qilgan va Pauell uning bu qaroridan norozi.

"Men qora tanli bo'lganim uchun Obamani qo'llab-quvvatlayotganim yo'q. Agar bu men uchun hal qilivchi omil bo'lganida edi, men bunday qarorga bir necha oy oldin kelgan bo'lardim. Qarorimni osonlikcha qabul qilganim yo'q. Kimga ovoz berishimni so'nggi ikki oy ichida hal qildim," deydi Pauell.

Senator Obama bu yangilikdan boshi osmonga yetganini aytadi.

"General Kolin Pauell o'z ovozini menga berishidan faxrlanaman," deydi Obama.

Raqibi senator Makkeyn bu qaror uning uchun kutilmagan yangilik emasligini aytadi.

"General Pauellni hurmat qilaman. Shunday bo'lishini kutganman. Meni ham to'rt sobiq davlat kotibi qo'llab-quvvatlagan," deydi Makkeyn.

Ijtimoiy so'rovlarga ko'ra, Obama kichik farq bilan oldinda ketmoqda.

XS
SM
MD
LG