Breaking News

AQSh yangi rag'bat dasturi haqida o'ylanmoqda


AQSh hukumati iqtisodiyotni jonlantirish maqsadida yangi rag'bat dasturi haqida o'ylanmoqda. Shu yilning o'zida hukumat ikkita jiddiy chora ko'rgan. Fevral oyida Kongress 150 milliard dollarlik rag'bat dasturini qabul qilgan. Unga ko'ra, o'rta daromadli va kam ta'minlangan oilalarga ma'lum miqdorda soliqlar qaytarib berilgan.

Shu oy boshida esa prezident Bush tashabbusi bilan 700 milliard dollarlik dastur qabul qilinib, uning 250 milliardi moliyaviy inqirozni boshdan kechirayotgan Amerika banklariga yordam tariqasida sarflanmoqda.

Endilikda hukumat yana bir chorani muhokama qilmoqda.

AQSh Markaziy Banki raisi Ben Bernankening Kongressdagi tinglovda aytishicha, Kongress yangi rag'bat dasturini qabul qilishi kerak.

"Mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatning mavhum tomonlari ko'p. Biz ko'rayotgan har bir moliyaviy choraning o'ziga yarasha oqibatlari bo'ladi. Bugungi xarajatlarimiz keyingi avlod gardaniga tushadi albatta, ammo iqtisodiyotimizning zaiflashayotganini hisobga olgan holda, Kongress yana bir rag'bat dasturini ma'qullashi kerak," deydi Bernanke.

Ammo soliq to'lovchilarga moddiy yordam qanday miqdorda bo'lishi haqida markaziy bank raisi hech narsa demagan.

Moliya vaziri Genri Polson 700 milliard dollarlik dastur qanday amalga oshirilayotgani haqida Kongressga hisobot bergan. Uning aytishicha, banklarni moliyaviy inqirozdan qutqarish uchun hukumat hamyonidan to'lanayotgan dastur soliq to'lovchilarga og'ir tushmasligi kerak.

"Buni xarajat emas, sarmoya deb ko'rish kerak. Shu sabab soliq to'lovchi 700 milliard dollardan bir sent ham zarar ko'rmaydi," deydi Polson.

Pulning bir qismiga bank aktivlari sotib olinib, keyinchalik qayta sotuvga chiqariladi.

Yaponiya ham Yevropa va AQSh hukumatlari kabi mahalliy banklarga moliyaviy yordam bermoqchi.

XS
SM
MD
LG