AQSh va Rossiya harbiy rahbarlari o'zaro muloqot qilgan


Kecha Finlyandiya poytaxti Xelsinkida AQSh va Rossiya qurolli kuchlari rahbarlari uchrashib, Gruziya, Iroq va qator boshqa masalalarni muhokama qilgan.

AQSh va Rossiya harbiy shtablari boshliqlari admiral Mayk Myullen va general Nikolay Makarov ilk bor o'zaro uchrashgan. Makarov Rossiya Gruziyaga bostirib kirmasidan oldin ushbu lavozimga tayinlangan.

Myullenning uchrashuvdan so'ng muxbirlarga aytishicha, AQSh-Rossiya harbiy munosabatlari Gruziya urushidan oldingi holatga qaytishi uchun vaqt kerak. Buning uchun esa aloqani ushlab turish zarur.

Myullenning matbuot kotibi kapitan Jon Kirbining Amerika ovoziga aytishicha, uchrashuv jiddiy o'tgan.

"Admiral Makarovga aloqalar Gruziyadagi voqealar sabab o'zgarganini ochiq aytgan. Munosabatlarni oldingi holiga qaytarish uchun bo'lgan voqealarni o'zaro tahlil qilish kerak. Uchrashuvda general Makarovning fikri ham o'rganildi. Myullen uning har bir fikriga qo'shilmagan bo'lsada, uni diqqat bilan tingladi. Tomonlar muammolarni aniqlab, ularni birgalikda hal qilishga kelishib oldilar," deydi admiral vakili.

Rossiyaning Gruziyaga nisbatan harakatlaridan norozi Qo'shma Shtatlar Moskva bilan hamkorlikda rejalangan bir necha harbiy mashg'ulotni bekor qilib, ularning qachon davom ettirilishini aytmagan.

"AQSh-Rossiya harbiy aloqalari juda muhim, ammo munosabatlarni qayta ko'rib chiqish kerak," deydi kapitan Kirbi.

Xelsinkidan so'ng admiral Myullen Latviyaga safar qilib, Bosh vazir Valdis Zatlers bilan uchrashgan.

Bugun Bryusselda 70 davlat va Jahon Banki vakillari Gruziyaga urush asoratlarini bartaraf etishda yordam berishga qaratilgan donorlar anjumanida ishtirok etmoqda. Jahon Bankiga ko'ra, mamlakatni tiklash va xususan yo'llarni ta'mirlash, qochqinlarga yordam berish va iqtisodiyotni jonlantirish uchun 3 milliard dollardan ko'p pul kerak.

XS
SM
MD
LG