O'zbekistonda matbuot hamon erkin emas, deydi kuzatuvchilar


O'zbekiston hukumatining "inson huquqlari va matbuot erkinligi yaxshilanmoqda" degan bayonotlariga qaramay, qator xalqaro tashkilotlar buni quruq gap demoqda va Yevropa Ittifoqini sanksiyalarni yumshatganligi uchun tanqid qilmoqda. Matbuot erkinligi borasida bugun chiqqan jadvalga ko'ra, O'zbekiston oldingi yillarga qaraganda quyi pog'onaga tushgan.

Jadvalni Parijda asoslangan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti tayyorlagan. Tashkilot vakili Elza Vidalga ko'ra, O'zbekistonning unda tutgan o'rni matbuot erkinligi bilan bog'liq vaziyatning hanuz yaxshilanmaganidan nishona.

"Bu yili O'zbekiston jadvalda 162-o'rinni egallagan. O'tgan yilga qaraganda ikki pog'ona quyida. Mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonovga soxta ayblovlar asosida 10 yil qamoq jazosi berilishi, Islom Karimovning jiyani, huquq himoyachisi Jamshid Karimovning haligacha ruhiy kasalxonada ushlab turilishi va umuman mustaqil jurnalistlarga nisbatan doimiy bosim mamlakatning jadvaldan ana shunday o'rin olganiga sababdir," deydi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti vakili.

Shu oy Toshkentda matbuot erkinligiga bag'ishlangan xalqaro anjuman o'tkazilgan edi. Unda inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotidan ham vakil ishtirok etgan. Stiv Kroushouning aytishicha, O'zbekiston hukumati tashabbusi bilan uyushtirilgan anjuman xo'ja-ko'rsinga o'tkazilgan. Mahalliy notiqlar faqat xorij matbuotining faoliyatini muhokama qilgan, O'zbekiston matbuotining bugungi ahvoli haqida esa lom-lim demagan.

"Anjumanning xalqaro qatnashchilari Internetga qo'yilgan to'siqlar, erkin fikr bildirgan odamlarning qamalishi, Solijon Abdurahmonov ishi va boshqa masalalar haqida gapirdik, ammo O'zbekiston tomoni ularni muhokama qilgani yo'q, inkor etdi. O'zbekistonda matbuotning naqadar erkinligi haqida turli statistik ma'lumotlar bilan bong urishdi. Ba'zilar esa mezbonni tanqid qilish yaxshi emas deya bizni jerkib berishga urindi."

Shunga qaramay, deydi Stiv Kroushou, anjumandan so'ng uning ba'zi mahalliy ishtirokchilari O'zbekistonda matbuot bilan bog'liq muammolarni ko'tarib chiqqanlari uchun xalqaro ekspertlarga minnatdorchilik bildirdilar.

13 oktyabr kuni Yevropa Kengashi O'zbekiston hukumatiga 2005 yili qo'yilgan sanksiyalarni yumshatishga qaror qilib, viza cheklovlarini bekor qilgan. O'zbekiston hukumati tanqidchilari nazarida Karimov rejimini islohotlarga ko'ndirmay turib bunday qadam tashlash xato bo'lgan.

"Human Rights Watch vakili Stiv Kroushouning aytishicha, Yevropa Ittifoqi bunday qarori bilan O'zbekistondagi muammolarga ko'z yumishni afzal ko'rdi. Sanksiyalar borligi paytida hukumat qandaydir o'zgarishlarni amalga oshirishga harakat qildi."

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti vakili Elza Vidal ham Yevropa Kengashi qaroridan norozi ekanini aytadi.

Uning fikricha, sanksiyalarni bekor qilish qarorining uzoq muddatli oqibatlari ma'lum emas, ammo qisqa muddatda bundan ham Yevropa Ittifoqi, ham O'zbekiston xalqi yutqazadi.

XS
SM
MD
LG