Makkeyn yo Obama? O'zbekiston uchun kim ma'qul?


Amerikada rahbarning yangilanishi Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?

AQShda prezident o’zgarishining O’zbekiston uchun qanday ahamiyati bor?

Shon Roberts (Sean Roberts), Jorj Vashington Universitetida (George Washington University) Markaziy Osiyo-AQSh aloqalaridan dars beruvchi professor tahlilicha, o’tgan sakkiz yilda Amerika mintaqada balki bir ishni uddalay oldi xolos.

“Bush ma’muriyati asosiy ahamiyatni Qozog’istonga qaratib, u bilan rishtalarini mustahkamlab oldi. Nursulton Nazarboyev demokrat emasdir, ammo tashqi siyosatda munovazanat saqlay olgani bois u bilan ishlash oson kechdi. Qozog’iston iqtisodiy jihatdan kuchli ekan, buning foydasini butun Markaziy Osiyo ko’rishi turgan gap. Iqtisodiy barkamollik esa siyosiy-ijtimoiy o’zgarishlarga yo’l ochadi, balki butun mintaqa bo’ylab…”, - deydi Roberts.

Jorj Bush prezidentligi davrida, deydi professor, AQSh mintaqada ko’p xatolarga yo’l qo’ydi, xususan ikki noyob imkoniyatni boy berdi.

“Birinchi katta xato Qirg’izistonda bo’ldi. AQSh Asqar Akayev hokimiyatdan ag’darilishi bilan yangi hukumatni o’z himoyasiga olib, bu davlatga iqtisodiy-siyosiy yordamni oshirishi kerak edi. Ko’mak berildi, ammo juda sust. Demokratik harakatlar u qadar quvvatlanmadi",- deydi Roberts.

"Ikkinchi xato, nazarimda, Turkmanistonda bo’ldi. Saparmurod Niyozov qazosidan keyin yangi rahbar kelgach, AQSh vaziyatdan foydalanib o’z ta’sirini oshirishi mumkin edi. Yosh hukumatlar odatda o’ziga yaqin hamkor izlaydi”.

Amerikaning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomatlari esa rishtalar mintaqadagi har bir davlat bilan ikki tomonning xohish-irodasiga qarab rivojlanmoqda deya xulosa qiladi. Ya’ni, Qozog’iston ildam harakat qildimi, effektiv hamkorlikka tayyor ekanini ko’rsata oldimi, marra uniki.

AQShning bo’lajak prezidenti, deydi tahlilchilar, Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoy ta’sirini pasaytirish uchun chora ko’rishga majbur.

Nomzodlar – respublikachi Jon Makkeyn va demokrat Barak Obama nazarida Rossiya imperial kuchga aylanishga urinar ekan, bu Amerika manfaatlariga zid va Rossiya atrofidagi davlatlar AQSh himoyasiga muhtoj.

Vayoming Universitetida siyosatshunoslikdan tahsil olayotgan Ahad Abdurahmonov fikricha:

“Ikki davlat o’rtasidagi siyosat tor g’oyalar, qisqa muddatli manfaatlar ustida emas, uzoq muddatli strategik maqsadlarga qarab tuzilishi kerak. O’zbekiston bilan yaqindan aloqaga kirishish kerak. Chunki respublika to’rt tomondan repressiv, energetik va tashqi siyosiy jihatdan tajovuzkor tabiatga ega davlatlar bilan o’ralgan. O’zbekiston xalqi Rossiya, Xitoy va Eron kabi davlatlar bilan aloqalarni kuchaytiraversa, bu uning kelajagiga ham salbiy ta’sir qiladi”.

AQSh, deydi Ahad Abdurahmonov, O’zbekistonda demokratiya rivojlanishi uchun beqiyos hissa qo’sha oladi.

“Amerika bu jarayonning oson kechmasligini tan olib, evolyutsion taraqqiyot tarafdori sifatida ish tutishi kerak”, - deydi tadqiqotchi.

Ahad Abdurahmonov nazarida Obama va Makkeyn turlicha yondashuvga ega:

“Ikkalasining debatlarini ko’rdik. Makkeyn dunyo siyosatiga juda g’oyaviy yondashadi. Uning qarashlari haddan tashqari bir yoqlama. Bir fikri meni juda sergaklantirib qo’ydi. Makkeyn Demokratik Davlatlar Ligasi tuzmoqchi. Bu, birinchidan, BMTga nisbatan hurmatsizlik bo’ladi. Ikkinchidan, sovuq urushning qayta avj olishi uchun bir qadam bo’ladi. Obama dunyoqarashi keng, pragmatik, bugungi kun muammolarini yecha oladigan arbobdek tuyulyapti ”.

Lekin, deya eslatadi Ahad Abdurahmonov, nomzodlarning bugungi gaplariga emas, prezidentlikka saylangan taqdirda nima qilishiga qarab baholagan ma’qul. Bugungi gaplar – faqat va’dalar, deydi u.

Professor Shon Roberts ham shunday mulohaza yuritadi. Oq Uydagi kursidan dunyo ishlari ancha o’zgacha ko’rinishi mumkin.

Markaziy Osiyo diktatorlar qo’lida deb bong urib keladigan Makkeyn, masalan, Rossiya ta’sirini pasaytirish uchun mintaqa hukumatlari bilan hamkorlikni oshirishi mumkin. Obama esa “tashqi siyosatimni qurol emas, diplomatiya tebratadi” demoqda.

“Afg’oniston notinch ekan, Markaziy Osiyo qaysidir jihatdan AQSh e’tiborida qoladi, ammo mintaqa Vashington uchun prioritet emas",- deydi Roberts, Yaqin Sharqdagi muammolar, xususan Iroq urushi va Isroil-Falastin mojarosiga ishora qilib.

Makkeyn ham, Obama ham Markaziy Osiyoda demokratik qadriyatlarni targ’ib qilishda davom etishi, energetika boyliklarini jahon bozoriga olib chiqish uchun yordam ko’rsatishi, madaniy-ta’lim dasturlarini kengaytirishi mumkin.

"Oq Uyga kim saylanishidan qat’iy nazar, AQSh Markaziy Osiyoda muhim rol o’ynashni istasa, aniq va muvozanatli strategiya zarur”,- deydi professor.

Shon Roberts va Ahad Abdurahmonov nazarida davlatlarni oq-u- qoraga ajratmasdan, aslida qanday bo’lsa, shunday ko’rish kerak.

O’zbekiston, masalan, har tomonlama yordamga muhtoj – fuqaro jamiyati qurish va huquq himoyasida, iqtisodiy imkoniyatlar yaratishda, mintaqaviy hamkorlik bobida va umuman, aholi talab va ehtiyojlarini qondirishda.

Jo’jani kuzda sanashadi. Yangi prezident nimaga qodir ekanini, Markaziy Osiyodek murakkab va muammolarga to’la mintaqa bilan til topisha oladimi –yo’qmi, buni vaqt ko’rsatadi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG