AQSh hisobicha Afg'onistonda afyun yetishtirish kamaygan


AQSh mutaxassislari hisobicha Afg’onistonda afyun yetishtirish o’tgan yildan beri 22 foizga kamaygan. Bunga asosan qurg’oqchilik sabab bo’lgan. Narkotiklarga qarshi agressiv kurash samara berayotgani ham aytiladi.

Hozirda afyun ekinzorlari 157 ming gektar maydonni egallab, rasmiylar fikricha mahsulotdan tushgan daromadning katta qismi Tolibon faoliyatini moliyalash uchun sarflanadi.

AQSh narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasiga ko’ra Afg’onistonda afyun hosili bu yili 31 foizga kamayishi mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobicha esa 6 foizga. O’rtadagi tafovut ma’lumot to’plash va tahlil usullari har xil ekani bilan izohlanmoqda.

Boshqarma rahbari Jon Voltersning aytishicha, Afg’onistonda Tolibonning jonlanishi qoradori sanoati bilan chambarchas bog’liq. Hisoblarga ko’ra jangarilar afyun yetishtiruvchi dehqonlardan yiliga 80 million dollargacha soliq yig’adi. Qoradori makoni asosan Afg’onistonning janubiy viloyatlari. Shimol va sharqda esa ko’knor dalalari deyarli yo’q qilingan.

“Hosilning 93 foizi 5 viloyatdan yig’ib olinadi. Tolibon nazorati ostidagi Hilmand viloyati ular orasida yetakchi o’rinda”, - deydi AQSh rasmiysi Jon Volters.

Mahalliy va Amerika rasmiylarining tan olishicha, Pokiston bilan chegaradosh bu hududlarda kurash samara berayotgani yo’q, chunki qoradori biznesidan foyda ko’rayotgan amaldorlar ham ko’p.

AQSh rasmiysi Jon Volters fikricha xalqaro hamjamiyat Afg’onistonda tinchlik o’rnatish uchun avvalo qoradori sanoatini yo’q qilish kerakligini tushunib yetmoqda. Tolibon va uyushgan jinoiy guruhlar nufuz va daromadga ega bo’lish uchun ana shu resurslarga tayanadi.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts qistovi ostida rasmiy Kobul yaqinda NATO qo’shiniga narko-savdogarlarga qarshi kuch ishlatishga ruxsat bergan.

Qoradoriga barham berishning eng yaxshi yo’li, deydi mutaxassislar, aholi hayotini yaxshilash, korrupsiyani kamaytirish, tashqi yordamni oshirish va qonun ustuvorligini ta’minlashdir.

XS
SM
MD
LG