Breaking News

Islomobodda Tolibon masalasi muhokamada


Islomobodda Pokiston va Afg'oniston qabilaviy yetakchilari va hukumat vakillari Tolibon masalasi bo'yicha muloqot olib bormoqda.

Ma'lumotlarga ko'ra, raketa Vana shahrida Tolibon qo'mondonlaridan birining uyiga tushgan. Qurbonlarning aksariyati jangarilar ekani aytilmoqda. Avgust oyi oxiridan beri Shimoliy va Janubiy Vaziristonga 10 dan ziyod raketa otilgan. Bu hududlarda Tolibon mahkam o'rnashgani qayd etiladi.

Hududning Bajaur tumanida esa Pokiston armiyasi shu paytgacha bir yarim mingdan ziyod jangarini yo'q qilganini aytgan.

AQSh va Pokiston kuchlari hujumlarini kuchaytirar ekan, Tolibon bilan muzokara qilish tarafdorlari ko'payib bormoqda.

O'tgan hafta Pokiston parlamenti tinchlik muzokaralarini yoqlab rezolyutsiya qabul qilgan. Kelasi ikki kun ichida Islomobodda Afg'oniston va Pokiston rasmiylari va qabilaviy yetakchilari o'rtasida shu masala muhokama etiladi.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshining aytishicha, har ikki tomon nazarida ham mojaro diplomatik yo'l bilan hal etilishi kerak.

"Harbiy kuch kutilgan natija bermayapti. Muzokara va sulh tinchlik bitimining eng asosiy qismidir," deydi vazir.

Afg'oniston delegatsiyasiga mamlakat sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla boshchilik qilmoqda. Uning aytishicha, Tolibon bilan murosa qilishdan o'zga chora yo'q.

"Bu boradagi imkoniyatlarni ko'rib chiqib, bir qarorga kelamiz degan umiddaman," deydi u.

Islomoboddagi uchrashuvda 50 dan ziyod hukumat rasmiylari va qabilaviy yetakchilar ishtirok etmoqda.

XS
SM
MD
LG