Breaking News

Hizb-ut-Tahrir Markaziy Osiyoda hamon faol, kim unga ergashmoqda?


Aholisi 60 millionga yaqinlashayotgan va asosan musulmonlar yashovchi Markaziy Osiyo bo’ylab “Hizb-ut-Tahrir”, diniy boshqaruv va aqidaparastlikni olg'a suruvchi harakat, hamon faol ekani xavotir bilan tilga olinadi.

Boshqa respublikalar qatorida Tojikistonda ham bu partiya faoliyati ta’qiqlangan.

Lekin ushbu harakat a’zolari ustidan o’tayotgan mahkama jarayonlari "Hizb-ut-Tahrir” tarafdorlari har qachongidan ham ko’p ekanidan darak bermoqda.

Bu harakatga qo'shilayotganlar asosan ishsiz va imkoniyatlari cheklangan yoshlar. Ularni mafkura qiziqtirmaydi. "Hizb-ut-Tahrir"ga kirishdan asosiy sabab - pul topish, oila boqish.

Tojikistonda O’zbekistondan kirib kelgan deb hisoblanayotgan “Hizb-ut-Tahrir”ning xalq orasida hamfikrlar topayotganini o’zbek olimi, tarix fanlari doktori Baxtiyor Bobojonov mamlakatlar o’rtasida birlikning yo’qligi bilan izohlaydi.

Uning nazarida chegara muammolari va yuklarni o’tkaza olmaslik kabi muammolar odamlarni "balki xalifat ostida birlashsak, vaziyat yengillashar" degan fikrga yetaklamoqda.

Buning ustiga, aksar aholisi musulmon bo’lgan o’lkalarda Hadis va Qur’on oyatlari hamda muqaddas bitiklar bilan tasdiqlangan g’oyalar keng tarqala boshlagan.

"70 foiz musulmonlar “xalifat” kalimasini paradigma sifatida ijobiy qabul qilishlarini aytgan",- deydi bu masalada tadqiqot olib borgan professor Baxtiyor Bobojonov.

Tojikistonning So’g’d viloyatidagi “Tong” gazetasi bosh muharriri, huquqshunos Po’lat Umarovga ko’ra qamalayotganlarning aksari “Hizb-ut-Tahrir” partiyasi nima ekanligini o’zi tushunmaydi.

"Hizb-ut-Tahrir" partiyasiga a’zo bo’lib 22 yilgacha muhlat olayotganlar va jinoiy javobgarlikka tortilayotganlar, deydi jurnalist, asosan qashshoq qatlam vakillari.

"Oilasi och odamlar! Rossiyaga borib ishlashga iloji yo’q. Bittasi keladi “mana bu sumkani qishloqqa olib borib tarqat, har oy 100 dollardan pul beraman” deydi. Sumkalarni bir-biridan olishi uchun qo’liga shahodatnoma yozib beradi. 19-20ga kirgan bechora bola “Hizb-ut-Tahrir” ning “h” harfini bilmaydi, ammo 20 yigal qamalib ketyapti. Davlat kambag’al, nochor, xazinasi bo’sh bo’lgandan keyin… Puli bor tomonlar xalqni xohlagan nog’orasiga o’ynatadigan zamon bo’ldi hozir. Kimda pul bo’lsa o'sha odam o’yinni olib bormoqda",- deydi Umarov.

Moskvalik tahlilchi Aleksandr Sobyanin mintaqada ayni vaqtda xaifat yarailish xavfi yo’qligini aytadi. Unga ko’ra bu tahlika vaqti o’tib ketgan.

"Farg’ona vodiysining O’zbekiston, Qirg’iziston yoki Tojikiston qismida islom xalifati yaratish imkoniyati ko’p yillar oldin mavjud edi. Chunki har qanday mojaroli vaziyatda respublikalar prezidentlari o’zaro til topishib olishlari ma’lum. Hozir butunlay boshqacha vaziyat. Rossiya va boshqa mamlakatlar o’lkaga jalb qilingan. Hozir harbiy vositalar paydo bo’lgan",- deydi Sobyanin.

Lekin o’zbek olimi Baxtiyor Bobojonov fikricha mintaqa hukumatlari "Hizb-ut-Tahrir" masalasida bosimga zo'r berayotgani va bu asosan kuch bilan amalga oshirilayotgani salbiy holdir.

"Hozircha bu bilan faqat maxsus xizmatlar shug’ullanmoqda. Ammo ular bolta bilan ishlamoqda. Bu afsuslanarli hol",- deydi professor Bobojonov.

Olim fikricha diniy aqidaparastlik va ekstremizmning oldini olish uchun yoshlarga o'qish va ishlash imkoniyati yaratish, ularning mehnat va nonza zor bo'lmasligini ta'minlash, yosh avlod vakillariga sifatli bilim berish, ularni tahliliy fikrlashga o'rgatish, qoilaversa hukumat xalq xizmatida ekanini isbotlay bilishi lozim. Toki odamlar boshqaruvning muqobil va nodemokratik yo'llari haqida o'ylamasin.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG