AQShda magistratura darajasi uchun o'qishni xohlaysizmi?


Qo’shma Shtatlar har yili iste’dodli yoshlar va mutaxassislar uchun qator ta’lim dasturlari e’lon qilib turadi.

Edmund Maski (Edmund Muskie Graduate Fellowship Program)nomidagi dastur ana shulardan biri. AQShning Toshkentdagi elchixonasi yuritadigan bu programma orqali bu yil O’zbekistondan 25 talaba Amerikaga kelgan.

Hukumatlar orasidagi aloqalar taranglashar ekan, o'tgan yillar mobaynida O'zbekistonda madaniy-o’quv loyihalarni amalga oshirish ham qiyinlashdi. Lekin ilm izlagan yoshlar uchun ularda qatnashish yo’lini topmoqda.

Qoraqalpog'istonlik talaba Azizboy Mambetkarimov shulardan biri. Avvallari, deydi u, O'zbekistonda ACCELS va IREX kabi nohukumat tashkilotlari ishlar va ular orqali yoshlar xorijga borib o'qib kelar edi.

"Nukusda ham ACCELSning filiali bo’lardi. Juda aktual, kerakli idora edi.Bilasiz, Nukus Toshkentdan uzoq, borib-kelish juda qiyin. Ayniqsa, talabalarning xarajat qilishga ortiqcha puli yo’q. Filial bor paytida, talabalar o’sha yerning o’zida kitob, qo’llanmalardan foydalanar edi."

Azizboy hozir Janubiy Meyn Universitetida (University of Southern Maine) siyosat va menejment sohasini o’rganmoqda.

U Edmund Maski dasturida qatnashib, tanlovdan o’tib, shu yilning yozida Amerikaga kelgan. Dastur haqida AQShning O’zbekistondagi elchixonasi veb-saytidan xabar topgan.

“Elchixona qoshida resurs markazi bor. O’sha yerda dastur shartlari, TOEFL, GRE imtihonlariga qanday tayyorlanish kerakligi haqida ma’lumot olsa bo’ladi. Men o’sha yerga borib, imtihonga tayyorlandim. To’g’ri, bu kabi resurs markazlari boshqa viloyat va chekka shaharlarda ham ochilsa, yaxshi bo’lar edi. Odamlar borib, bilib, shunday imkoniyat borligidan xabar topar edi.”

Edmund Maski AQSh zamonaviy siyosiy tarixida chuqur iz qoldirgan arbob. 1950-1990-yillar orasida gubernator, senator va davlat kotibi lavozimlarida xizmat ko’rsatgan. 1970-yillarda esa prezidentlikka intilgan.

Bugun uning nomiga qo’yilgan o’quv dasturi sobiq ittifoqning 13 davlati yoshlariga Amerikada magistrlik darajasini olish uchun imkon beradi. Jumladan, O’zbekiston, Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikiston va Turkmaniston fuqarolariga.

Dasturga AQSh Davlat departamenti tomonidan moliya ajratiladi va nazorat qilinadi. Uni yuritish vazifasi IREX nohukumat tashkilotiga topshirilgan.

Namanganlik Margarita Aksyonova Janubiy Karolina Universitetida (South Carolina State University) biznes yo’nalishida ta’lim olayapti.

“Maski dasturi haqida universitetda o’qib yurganimda eshitganman. Esingizda bo’lsa, IREX, ACCELS tashkilotlari bo’lar edi. Hozir, masalan, viloyatlarda yoshlar qanday imkoniyatlar borligi haqida tasavvurga ega emas. Maski haqida oz-moz eshitgan, lekin, deylik, yoshlar, o’qituvchilar, olimlar uchun dasturlar hali ham borligidan bexabar”,- deya fikr bildiradi Margarita.

Edmund Maski programmasining 2009-2010 o’quv yiliga hujjatlar qabuli davom etmoqda.

5 noyabrgacha barcha anketalar elchixonaga jo’natilishi kerak. Qanday yo’nalishlar borligini, shart va talablar nimadan iboratligini esa elchixona veb-saytidan bilish mumkin: http://uzbekistan.usembassy.gov.

XS
SM
MD
LG