O'zbekistonda matbuot kishanlanganicha qolmoqda


Eng repressiv hukumatlar safida

Parijda asoslangan “Chegara bilmas muxbirlar ” tashkilotiga ko’ra O`zbekiston so`z erkinligi bo`yicha dunyodagi eng repressiv davlatlardan biri. Mamlakat nomi Kuba, Vetnam, Laos, Birma, Xitoy, Eron va Turkmaniston kabi davlatlar qatorida turibdi.

So`z erkinligi ko`rsatkichi bo`yicha qo`shni Afg`oniston ham O`zbekistondan bir necha pog`ona oldinda. O`zbekiston so`z erkinligi keskin cheklangan davlat safida 162-o`rinda bo`lsa, Afg`oniston 152-o`rinni egallagan.

Respublikada jurnalistlar tinimsiz tazyiq ostida ekan, jurnalistlika xatarli kasb bo’lib qolmoqda. Bir necha jurnalist bugun turli ayblar bilan panjara ortida.

O`zbekiston konstitutsiyasi fuqarolarning so`z erkinligini kafolatlaydi. Unga binoan mamlakatda senzuraga yo`l qo`yilmaydi va jurnalist erkinligi himoya qilinadi.

“Mustaqillik yillaridan hozirgacha 35 ga yaqin jurnalist turli ayblar bilan qamalib chiqdi. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining bu yilgi hisoboti juda muhim, chunki unda gap nafaqat so`z erkinligi yo`qligi, balki so`z erkinligi uchun harakat qilayotgan kishilarga nisbatan tazyiqlar, ular hayotiga bo`lgan tajovuzlar haqida bormoqda ”, - deydi huquq faoli, uzoq yillar jurnalistlik qilgan Abdurahmon Tashanov.

Xalqaro jurnalistik tashkilotlar nazarida O`shda o’tgan yili o`zbek jurnalisti Alisher Soipovning otib o`ldirilishi, yaqinda Qoraqalpog’istonda mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonovni ng 10 yilga ozodlikdan mahrum etilishi so’nggi yillarda mintaqada so`z erkinligiga keskin zarbalar berilganidan dalolatdir.

Solijon Abdurahmonovning ukasi Bahrom Abdurahmonovning aytishicha jurnalistning qamalishi, tabiiyki, uning oilasi uchun juda og’ir ko’rgulik.

“Oilamiz sud shunday qarorga kelishi mumkinligini kutgan edi. Solijon akam ancha yillardan buyon jurnalist bo`lib ishlar edi. Ochig`ini aytadigan bo`lsam, Qoraqalpog'istondagi noqonuniyliklar haqida ochiq ma`lumot tarqatib turganining o`zi unga nisbatan shunday ayblov qo`yilishiga sabab bo`ldi. Bunday deyishimga sabab, uni giyohvand moddalar bilan ayblab hibsga olishlari bilanoq, birinchi navbatda akamning jurnalistik materiallarini musodara qilishdi”, - deydi Abdurahmonovning ukasi.

Biroz avval majburan ruhiy kasallar shifoxonasiga yotqizilgan jizzaxlik mustaqil jurnalist Jamshid Karimovni shifoxonadan chiqarilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ma`lum bo`lishicha, O`zbekiston prezidentining jiyani bo`lmish Jamshid Karimov hamon shifoxonada. Do`stlari Jamshidni so`nggi bor onasining dafn marosimida ko`rishgan. Onasi bilan vidolashgan jurnalist yana darhol jinnixonaga olib ketilgan.

Haqiqat kuychilari qayerda qoldi?

Mustaqil jurnalistlardan biriga ko`ra bugun o`zbek jurnalistlari eng og`ir davrni boshdan kechirmoqda. Ular jurnalist ekanini ochiq aytishga qo`rqadi va doimiy xavotirda yashaydi.

Xorij axborot vositalariga ishlagan jurnalistlar esa amaldorlar nazarida xalq dushmanlaridir. Vatanni chetdan turib tanqid qilayotganlar, "dollarga ishlab, o'z yurtiga tupurganlar" sifatida qabul qilinadi. Lekin tanqidiy-tahliliy fikrlovchi insonlar oq-u-qorani ajrata biladi.

“Birinchi navbatda men turli mustaqil axborot agentliklari blan hamkorlik qilayotgan jurnalistlarni nazarda tutayapman. Ular yozgan maqolalariga o`z nomlarini qo`yishga ham qo`rqishadi. Men yaqin kelajakda bu vaziyat yaxshilanadi degan fikrdan uzoqman”, - deydi matbuot vakillaridan biri.

Boshqa bir jurnalistga ko`ra esa bugun mamlakatda jiddiyroq muammoni yoritishga jazm etadigan jurnalistlarning o`zi ham qolmadi.

“Masalan, menga bugun biror muammoli mavzu haqida o`tkirroq maqola yozib ber deyishsa, o`ylanib qolaman. Qancha jurnalistlar qamalayapti… Ukam aytadi: “Aka, tinch yursangiz bo`lmaydimi, kuningiz o`tayapti-ku”. Ataylab, ko`r-ko`rona qamashayapti. Boshqalarga go`yo “sening avholing ham shu bilan tugaydi” degandek”.

Sharhlovchilarga ko`ra o`zbek jurnalistikasini 1990- yillar bilan solishtirganda, vaziyat hozirga kelib keskin o`zgargan. Avval jurnalistlar huquqi, erkinligini oz bo`lsada ifoda etib kelgan bir nechta gazetalar bugunga kelib yopilgan. Ko`plab mustaqil jurnalistlar faoliyatlarini to`xtatgan. O’nlab mutaxassislar mamlakadan chiqib ketgan. Matbuot – hukumatning asosiy targ`ibot quroliga aylangan.

O'zbekona "so'z erkinligi"

Yaqinda Toshkentda o`tgan xalqaro anjumanda hukumat vakillari mamlakatda so`z erkinligi bor deya ishontirishga urindi. Respublikada 700 dan oshiq nashr mavjudligi va G`arb tushunchasidagi so`z erkinligi milliy mentalitetga to`gri kelmasligi haqida gapirishdi. Chet ellik mehmonlar bu gaplarni eshitib kulib yuborishdi.

Mutaxassislar nazarida hukumat mentalitet va madaniyatni ro’kach qilib, hech bir fuqaroga haqiqatni aytishga yo’l bermay keladi. Davlat axborot vositalariga ishlaydigan “jurnalistlar” ham buni tan oladi.

Qolaversa, mamlakatdagi yuzlab ko`ngilochar nashrlarni milliy mentalitet ko’zgusi deyish qiyin.

“Hozir chiqayotgan erkin gazetalarni hammasi oldi-qochdi gaplardan iborat. Eridan ajradi, xiyonat qildi, sevib qoldi. Gazeta axborot bilan boyitilmas ekan, uni avvalo matbuot deyish noto`g`ri bo`ladi. Bemaza qovunning urug`i ko`p bo`ladi deganidek, gazetalar ko`payib ketdi, lekin yaxshi jurnalistlar kamaydi”, - deydi keksa muxbirlardan biri.

Boshqa bir journalist fikricha ko`ngilochar gazeta va jurnallar, amaldorlar da’vo qilayotganidek, o`zbek urf-odatlarini mustahkamlayotgani yo’q.

“Hozirgi sariq matbuot haqiqatda ma’naviyatning jallodiga aylandi deyish mumkin. Tirajini oshirish uchun har qanday axloqsizlikdan qaytmaydi. Yolg`onni hamisha xaridori ko`p bo`ladi. Bu gazetalar hech qachon siyosatga, ijtimoiy-iqtisodiy hayotga aralashmaydi”, - deydi u.

Bir necha yillar avval mustaqil va jiddiy muammolarni yorituvchi gazeta ochishga uringan jurnalist deydiki, siyosatni savolga tutmaslik, xalq turmushini tahlil qilmaslik kasbga nisbatan xiyonat. Lekin bugun O’zbekistonda vijdonni chetga surmasangiz, hech narsa chiqara olmaysiz.

“Birinchi sababi, jiddiyroq maqolalar yozib chiqadigan gazeta va jurnalistlar bo`lsa, matbuotni tepasida o`tirgan rahbarlar qo`rqadi, ertaga biron narsa yozib qo`ymasin deb. Ikkinchidan, bunday gazeta chiqishidan matbuotga hukmronlik qilib turgan odamlarning o`zlari qarshi”, - deydi u.

Rasmiy nashrlarda ishlovchi jurnalistlar matbuot erkinligi haqidagi fikrini o`zaro suhbatda yashirmaydi, ammo mikrofon tutilsa, hukumatga minnatdorchilik bildira boshlaydi yoki andisha haqida gapiradi:

“Bizning jurnalistlarimiz oylik maoshi kam bo`lsa ham xalq ravnaqi uchun xizmat qiladigan jurnalistlar. Ko`pchilik G`arb matbuoti erkin deydi. Bizdagi matbuot milliy mentalitetdan kelib chiqadi… To`g`ri o`tkir muammolarni ko`tarish jurnalistlarning burchi, lekin andisha ham bor-da”, - deydi hukumat gazetasi muxbirlaridan biri.

Jurnalist dardini kimga aytsin?

Ayrim jurnalistlar rasmiy nashrlardagi hamkasblarini maddohlikda ayblashadi.

“Hozir olib borilayotgan siyosat hech qachon hech kimni siylagan emas. Bu maddohona ijod qilayotgan jurnalistlarga saboq bo’lishi kerak”,- deydi tanqidchilardan biri.

Uning fikricha hukumat “jurnalistlar”ni, “jurnalistlar” esa hukumatni aldash, quruq gaplar bilan bir-birining qo’ynini puch yong’oqqa to’ldirish bilan ovora. Ziyonni esa ular eshitib o’tirgan xalq ko’rmoqda. Haqiqatni kim kuylaydi?

“Bir misol, yaqinda xorij axborotida tanqid qilingan rahbar xursand bo`lib, tepadagi rahbariga bu haqda gapirayapti, bizga ham tosh otishni boshlashibdi degan ohangda. U shundan xursand”, - deydi vaziyatni norozi jurnalist.

Abdurahmon Tashanov singari huquq himoyachilari fikricha matbuot erkinligi yoqligi uchun oddiy jurnalistlarni ayblash noto’g’ri.

“Chunki so`z erkinligi uchun yo’l yo’q. Hukumat buning uchun sharoit yaratishi kerak. Aybni jurnalistlardan qidirish, ularda jasurlik yo`q deyish to`gri emas. Sabab jurnalistalr ham odam. Ular hamma narsani ko`rib turibdi. Bu insonlar o`z hayotlarini asrash, oilasi xavfsizligini ta`minlashga majbur”, - deydi Tashanov.

G’arb, jumladan AQSh va Yevropa Ittifoqi O`zbekiston rahbariyatiga taraqqiyot uchun so’z erkinligi naqadar muhim shart ekanini nasihat qilib keladi.

O`zbekiston hukumati Toshkentda so`z erkinligiga bag`ishlangan konferensiya o`tkazishga rozilik berishi ham Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy etilgan sanksiyalarning yumshatilgani bilan bog’liq.

Sanksiyalar-ku yumshatildi, ammo matbuot hamon kishanlangan.

Konferensiya ishtirokchilariga ko`ra tadbir Islom Karimov ma’muriyati so`z erkinligi bo`yicha biror o’zgarish qilish niyatida emasligini yaqqol namoyon qilgan.

“Hukumatda bu muammoni muhokama qilish uchun hech qanday imkon ham, istak ham yo`q. Masalan, anjumanda jurnalistlar ustidan borayotgan tergov jarayonlari haqida gaplashish imkoniyati bo`lmadi. Hech bo`lmaganda, jamiyatning nafas olishi uchun jurnalistlarga imkon berish kerak axir ”, - deydi konferensiyada qatnashganlardan biri.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG