Gruziya "Atirgul Inqilobidan" besh yil o'tib


2003 yil noyabrida Gruziyada hukumat almashdi. "Atirgul Inqilobi" natijasida siyosiy sahnaga yangi va yosh siyosatchilar keldi. Demokratik islohotlar amalga oshirildi. Mamlakat Yevropa Ittifoqi va NATOga a'zo bo'lishga intilmoqda. Ammo mutaxassislar fikricha, Rossiya bilan avgust oyida bo'lgan urush Gruziya yuzlashayotgan muammolarni namoyish etdi.

Mojarodan ikki oy o'tib, Gruziyada hayot o'z maromiga qaytmoqda. Ammo urush izlarini hali ham ko'rsa bo'ladi. Ayniqsa, odamlar ruhiyatida.

Gruziya Strategik va xalqaro izlanishlar jamg'armasi prezidenti Aleksandr Rondelining aytishicha, Rossiya bilan urush gruzinlarni prezident Mixail Saakashvili atrofida jipslashtirdi.

"Rossiyaning harakatlari Saakashvili pozitsiyasini yanada kuchaytirdi. Agar Rossiya yurtimizda shuncha jinoyatlarga qo'l urmaganida edi, Saakashvilining mavqei bunchalik kuchli bo'lmas edi," deydi Rondeli.

Ammo boshqa tomondan, deydi sotsiolog Leyla Gaprindashvili, urushning foydadan zarari ko'proq bo'ldi.

"Janubiy Osetiya va Abxaziya xalqlari bilan murosa qilish, ushbu hududlarni Gruziya tarkibiga qaytarish qiyinlashdi," deydi u.

Urush vaqtida va undan so'ng ham G'arb Gruziyani qo'llab-quvvatlashini aytib, armiya va iqtisodiyotini qayta tiklashga va uylariga qaytayotgan qochqinlarga yordam berishga mablag' ajratishini ta'kidlagan.

Gruziyaning Rossiya bilan urushi, ba'zilar nazarida, rasmiy Tbilisining Yevropa Ittifoqi va NATOga qo'shilish imkoniyatlarini kamaytirdi. Kreml Gruziyaning NATOga a'zo bo'lishini istamaydi. Ayrimlar Gruziyaga qarshi qilingan urush zaminida ogohlantirishni payqasa bo'ladi deydi.

Bryusselda asoslangan Inqirozlarni o'rganish xalqaro guruhining Kavkaz bo'yicha tahlilchisi Lorens Shitsning aytishicha, urushning uzoq muddatli oqibatlari ham bo'lishi mumkin.

"Bu Gruziyaga xorijiy sarmoya jalb qilishda pand berishi mumkin, ayniqsa tranzit nuqtasi sifatida," deydi u.

Gruziya daromadining asosiy qismini sharqdan g'arbga neft va gazni o'tkazishdan oladi.

Kelasi oy "Atirgul Inqilobi"ning besh yilligi nishonlanadi. Besh yil o'tib nimalarga erishildi, mamlakat qaysi yo'nalishda ketmoqda?

Tahlilchi Lorens Shitsning aytishicha, inqilob davrida berilgan va'dalarning barchasi ham hozircha amalga oshgani yo'q.

"Matbuotga erkinlik berish kerak. So'nggi bir necha oy ichida hukumat televideniye ustidan nazoratni kuchaytirgan. Sud tizimini isloh qilish kerak, chunki bu mamlakatda sud mustaqil emas," deydi yevropalik tahlilchi.

XS
SM
MD
LG