AQSh Tolibon bilan muzokara qilishi mumkin


Oq Uy ma'muriyati tomonidan qayta ko'rilayotgan urush strategiyasiga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda Tolibon bilan aloqa qilishi mumkin. Bu haqda Davlat departamenti ma'lum qilmoqda.

Tolibon bilan muzokara qilish ehtimoli bor, ammo qaror hali qabul qilinmagan. Yangi strategiyaga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Tolibonning sulhga tayyor vakillari bilan bevosita muloqot qilishi mumkin.

Afg'oniston hukumati Saudiya Arabistoni vositachiligida mo'tadil toliblar bilan yaqindan beri aloqaga kirgan. Qo'shma Shtatlar ushbu muloqotni qo'llab-quvvatlamoqda, ammo o'zi unda qatnashgani yo'q.

Davlat departamenti so'zlovchisi Robert Vudning aytishicha, AQSh kuchlari Iroqda ularga qarshi harakat qilgan sunniy qabilalar bilan muzokara qilib, ularni al-Qoidaga qarshi kurashga qaratishga va zo'ravonliklarni kamaytirishga muvaffaq bo'lgan.

"Afg'onistonda ham ekstremizm ko'lamini susaytirish maqsadida ana shunday taktikadan foydalanish yo'llari ko'rib chiqilyapti."

AQSh hukumati Tolibon bilan muloqotga kirishishga qaror qilgan taqdirda, deydi Davlat departamenti rasmiysi, muzokaralarga Afg'oniston hukumati ham jalb qilinadi. Muloqotga tayyor toliblar avvalambor zo'ravonliklardan voz kechishi, Afg'oniston konstitutsiyasiga rioya qilishi va mamlakatdagi siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishi zarur.

Tolibon bu shartlarga hozircha ko'nmagan. Robert Vudning aytishicha, Qo'shma Shtatlar harakatning radikal rahbariyati bilan muzokaraga kirmaydi, masalan, uning yetakchisi Mulla Umar bilan.

Hafta boshida Pokiston va Afg'oniston siyosiy va qabilaviy yetakchilari Islomobodda uchrashib, Tolibon bilan muloqot qilish ehtiyoji haqida gapirgan. Buning uchun maxsus qo'mitalar tuzilib, ular o'z ishi natijasi haqida 2-3 oydan so'ng bo'ladigan navbatdagi majlisda hisobot beradi.

XS
SM
MD
LG