Breaking News

Bush Iroq bilan harbiy bitim imzolanishiga ishonadi


AQSh prezidenti Jorj Bush fikricha, Iroqda qo’shinlar yana qancha muddatga qolishini belgilovchi bitim tez kunda ma’qullanadi. Iroq bu borada qator shartlar qo’ygan.

Vashington bu talablarni ko’rib chiqishga rozi. Prezident Bush Oq Uyda Iroq Kurdistoni rahbari Ma’sud Barzaniy bilan uchrashgan.

Bu takliflar o’rinli, AQSh ularni muhokama qilishga tayyor, deydi Bush.

Biroq tahlilchilar nazarida Vashington uzoq majlis qilmoqchi emas, vaqt juda oz.

Pentagon rasmiysi Jeff Morelning aytishicha tomonlar bir-biriga quloq tutmoqda. Iroq hukumati ayrim bandlar yuzasidan xavotir bildirgan. Vashington e’tirozni ko’rib chiqib, o’z fikrini bayon etadi, deydi Morell.

AQSh taqdim etgan hujjatga muvofiq, Amerika qo’shini 2011 yilga qadar Iroqda xizmat qiladi va askarlar biror jinoyat qilsa, Iroqda emas, vatanda sudga tortiladi. Rasmiy Bag’dod talabiga ko’ra esa, AQSh Iroqdan turib, qo’shni davlatlarga hujum qilmasligi zarur. Amerika harbiylari qilgan xatosi yoki sodir etgan jinoyati uchun Iroq qonunlariga ko’ra sud qilinishi lozim.

Tahlilchilar nazarida Vashington bu shartlarga ko’nishi qiyin. Vaziyatga Birlashgan Millatlar Tashkiloti aralashishga majbur bo’ladi, deydi ular. Bugun Iroqda AQSh va ittifoqchi davlatlardan xizmat qilayotgan qo’shin soni 150 mingdan oshadi.

XS
SM
MD
LG