Breaking News

Lotin amerikalik saylovchilar Obamaga ovoz beradi


Latinolar - lotin amerikalik muhojirlar - Amerika aholisining 15 foizini tashkil etadi. Oq tanlilardan keyingi ikkinchi yirik guruh.

Hozirda 40 milliondan oshgan bu jamoa vakillari saylovchilarning to’qqiz foiziga to’g’ri keladi. Aksariyat latinolar bu safar demokrat nomzod Barak Obamani quvvatlamoqda.

Lotin amerikaliklarni saylovda uch mavzu qiziqtiradi – iqtisodiyot, tibbiy xizmat va immigratsiya. Ular demokrat Barak Obamaga ovoz berishini aytadi. Biroq ko’pchiligi dindor emasmi, homilani abort qilish qotillik deb hisoblaydi. Obama nazarida esa abort xotin-qizlarning ajralmas huquqi.

Shunday bo’lsa-da, Obama latino aholi orasida raqibidan ikki baravar ko’p tarafdorga ega. Respublikachi Jon Makkeyn AQShda yashayotgan minglab hujjatsiz muhojirlarga qonuniy maqom berishni ko’zda tutgan islohot tashabbusi bilan chiqqaniga qaramay, bu saylovchilar ko’ngliga yo’l topa olmayapti.

Makkeyn bugun hujjatsiz muhojirlarga nisbatan amnistiya e’lon qilish so’zidan qaytgan. Bu uni latinolardan yanada uzoqlashtirdi, deydi masalani yaqindan tahlil qilib kelayotgan professor Gabriel Sanchez.

“Makkeyn prezidentlikka nomzodlikni qo’lga kiritish uchun, afsuski, immigratsiya masalasida pozitsiyasini o’zgartirdi. Bundan g’azablangan lotin amerikaliklar demokratlar tomonga o’tib oldi”, - deydi Sanchez.

Biroq ayni paytda eng muhim muammo immigratsiya emas, iqtisodiyot, deydi Sanchez. Moliyaviy inqiroz hech kimni chetlab o’tayotgani yo’q. Latino saylovchilar ham ko’pchilik qatori nomzodlarning so’zi-yu ishiga qarab ovoz beradi.

Ayniqsa Nyu-Meksiko, Florida va Kolorado shtatlarida ular ovozi saylov natijasini hal etsa ajabmas.

XS
SM
MD
LG