Geyts: AQSh yadro arsenalini yangilash kerak


Qo'shma Shtatlar Rossiya bilan yadro qurollarini cheklashga doir bitimni yangilash harakatida. Hujjatning amal qilish muddati shu yil oxirida tugaydi. Shu bilan birga AQSh mudofaa vaziri mamlakat atom arsenalini yangilash kerakligi haqida gapirmoqda.

"Vashington Tayms" gazetasiga ko'ra, NATOga a'zo davlatlar tashqi ishlar va mudofaa vazirlarining yil oxirida bo'ladigan majlisida Ukraina va Gruziyani alyansga qabul qilish masalasi ko'tariladi. Sobiq Sovet respublikalarinig NATOga kirishini prezidentlikka asosiy nomzodlar demokrat Barak Obama va respublikachi Jon Makkeyn birday qo'llab-quvvatlaydi.

"Ularni Rossiya zulmidan qutqarish kerak," deydi nomzodlar. Ammo mutaxassislar fikricha, deb yozadi "Vashington Tayms", Obamaning Rossiyaga nisbatan siyosati Makkeynikidan farq qiladi.

"Makkeyn Rossiya bilan chegaradosh mamlakatlarda ko'p bo'lgan va undan taralayotgan xavfni yaxshi tushunadi", deydi nomzodning tashqi siyosat bo'yicha maslahatchisi Rendi Shuneman.

Sobiq davlat kotibasi Madlen Olbraytning aytishicha, Makkeyn Sovuq Urush ruhida fikrlaydi.

Obama Bush ma'muriyatining Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasiga qarshi. Makkeyn tarafdori, konservativ ruhdagi Xeritij jamg'armasi tahlilchisi Ariel Koenning aytishicha, Obama bu bilan Rossiya ko'ziga yaxshi ko'rinmoqchi.

Ammo Obama nazarida sinovdan o'tmagan tizimga ko'p ishonib bo'lmaydi.

Rossiya-Gruziya mojarosi paytida Makkeyn Rossiyani Katta Sakkizlik guruhidan chiqarib yuborishni taklif qilgan. Obama fikricha esa bu xato bo'lar edi.

"Rossiya neft hisobiga boyib, siyosatini KGB ga aloqador kishilar yuritmoqda," deydi Makkeyn.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi chiqargan hisobotga ko'ra, ayni damda Obama ham, Makkeyn ham Rossiyaga nisbatan puxta siyosat o'ylab qo'ymagan.

AQShda chiqadigan yana bir gazeta "Vashington Post"ga ko'ra, mamlakat Mudofaa vaziri Robert Geyts AQShning keyingi prezidentiga Rossiya bilan yadro qurollarini cheklash bo'yicha yangi shartnoma tuzishni maslahat qilishini aytmoqda.

Dekabr oyida 1991 yili imzolangan Strategik qurollarni qisqartirish bitimining muddati tugaydi. Shu bilan birga, deydi Geyts, Qo'shma Shtatlar yangi yadro qurollarini ishlab chiqishi kerak, chunki AQShning hozirgi arsenali eskirib qolgan.

"Xitoy va Rossiya yangi qurollar ishlab chiqarmoqchi. Tasarrufimizdagi qurollarni sinovdan o'tkazmas yoki yangi qurollar dasturini joriy etmas ekanmiz, bu davlatlar arsenaliga qarshi turish yoki qurollarni qisqartirish mumkin emas," deydi Geyts.

AQSh mudofaa vaziri Kongressdan yangi yadro qurollarini ishlab chiqarish dasturini moliyalashni so'ramoqda. Ana shundagina, deydi u, eskilarini qisqartirsa bo'ladi.

"Gap qurollarni takomillashtirish emas, balki xavfsizlik choralari haqida ketmoqda. Qurollarimiz ishonchli bo'lishi kerak," deydi u.

"Vashington Post"ga ko'ra, AQShning 4 mingga yaqin quroli eskirgan va bu katta xavf solmoqda.

"1992 yilda imzolangan xalqaro bitimga ko'ra, atom qurollarini sinovdan o'tkaza olmaymiz. Eski bombalar umrini ham cheksiz ravishda uzaytirish mumkin emas, demak yangi qurollar chiqarish ketak," deydi Geyts.

Bush rejasiga ko'ra, yangi bombalarni 1992 yilgi moratoriydan oldin sinalgan bombalar asosida sinovsiz chiqarish kerak.

XS
SM
MD
LG