Breaking News

Petreus AQSh Markaziy Qo'mondonligi rahbari lavozimiga kirishdi


Bugun general Deyvid Petreus AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy Qo’mondonligining rahbari sifatida rasman ish boshladi.

Markaziy Qo’mondonlik AQShning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi harbiy operatsiyalariga javob beradi. Iroqdagi xizmatlari bilan shuhrat qozongan general asosiy e’tiborni Afg’onistonga qaratmoqda.

Petreus nazarida Afg’oniston umuman boshqa dunyo, biroq Iroqdagi harbiy strategiya bu yerda ham qo’l kelishi mumkin.

"Birinchi vazifa – aholi xavfsizligini ta’minlash," - deydi general Petreus. "Prezident Hamid Karzay hukumatini mustahkamlash, isyonkor kuchlarni murosaga chorlash shular jumlasidan," - deydi u.

Generalning so’zlari bejiz emas. So’nggi paytlarda AQSh hukumati Tolibon bilan muzokara qilish haqida jiddiy o’ylanib qolgan.

Petreus fikricha, Iroqdagi natijadan xulosa chiqarib, Afg’onistonga ko’proq qo’shin jo’natish kerak, busiz tinchlik o’rnatib bo’lmaydi. "Qo’shin soni va aniq manzili haqida hozir biror nima deyish qiyin, vaqt oliy hakam," - deydi general.

Kelasi yil Afg’onistonga qo’shimcha 20 ming askar jo’natish rejalangan. O’tgan yili ham AQSh va NATO davlatlari 20 ming zobit safarbar etgan edi.

Tahlilchilar nazarida to’p-to’p askarlarni urushga jo’natib, xalq g’azabiga uchrash hech gap emas. Afg’on harbiylari malakasini oshirish, mas’uliyatni qisman ittifoqchi davlatlarga yuklash kerak, deydi ular.

Boston Universiteti professori Endryu Basevich Iroqdagi reja Afg’onistonda ish berishiga ishonmaydi. Ikki davlatdagi ahvol, geosiyosiy manzara mutlaqo boshqa. Afg’oniston tarixi, madaniyati va siyosati kabi omillarni hisobga olmayapmiz, deydi professor.

Tahlilchi Maykl O’Hanlon nazarida ham shunday. 7 yil avvalgi Iroq va Afg’oniston orasida yer bilan osmoncha faqr bor. "Afg’oniston uchun alohida reja ishlab chiqish zarur," - deydi u.

XS
SM
MD
LG