Breaking News

4 noyabrda Amerika xalqi Kongressga ovoz beradi


AQShda prezident poygalari so’nggi pallaga kirmoqda. Demokrat Barak Obama va respublikachi Jon Makkeyn bir-birini tanqid qilib, o’z siyosatini olg’a surish bilan band.

Obama nazarida Makkeyn Bushning davomchisi. Makkeyn fikricha, Obama iqtisodiyot, siyosat va mudofaa bobida g’or. Kelasi seshanbada xalq nafaqat prezidentga, balki Amerika Kongressiga ham ovoz beradi. Har ikki partiya uchun hal qiluvchi kun.

Demokratlar Kongress Vakillar Palatasi va Senatni egallash niyatida.

Vakillar Palatasidagi 435 o’rin va Senatning uchdan-bir qismi uchun kurash ketmoqda.

Hozir Vakillar Palatasida demokratlar hukmron. Partiya Senatni ham qo’lga kiritishga bel bog’lagan. Demokrat nomzod Barak Obama prezident etib saylansa, har ikki palata demokratlar qo’liga o’tsa, partiya boshqaruvni butunlay qo’lga olishi mumkin.

Bu degani Obama ilgari surgan takliflar qonunchilar tomonidan oson ma’qullana boshlaydi. Gap, xususan, askarlarni Iroqdan qaytarish, sog’liqni saqlash tizimini isloh qilish haqida ketmoqda.

Amerika Universiteti professori Alan Lixtman ta’biricha, demokratik partiya hokimiyatga tashna. Oxirgi marotaba Bill Klinton davrida hukmron edi ular, deydi tahlilchi.

Biroq Brukings Instituti mutaxassisi Stiven Xess bu fikrga qo’shilmaydi.

Har ikki partiya tarkibida turli qarash mavjud. Qonunchilar hamisha tortishib kelgan. Demokratik partiya safida ham o’xshash, bir qolipdagi fikr topa olmaysiz, deydi u.

Professor Alan Lixtman fikriga ko’ra, respublikachi nomzod Jon Makkeyn g’alaba qilsa, Kongress bilan murosa qilishi mumkin. Makkeyn demokratlar bilan ishlab kelgan, ularga quloq tutib keladi. Albatta, amalda nima bo’lishini vaqt ko’rsatadi, deydi tahlilchi.

XS
SM
MD
LG