Tojikistonda jurnalist huquqi kafolatlangan, lekin ...


Tojikistonda hozir 10 ga yaqin informatsion-tahlil agentliklari, mingga yaqin gazeta va jurnallar, 20 dan ziyod teleradiostansiyalar faoliyat yuritmoqda.

1200 ga yaqin kishi Tojikiston jurnalistlar uyushmasiga a’zo. Ammo hech kim ularning xavfsizligini kafolatlay olmaydi.

Bir vaqtlar jurnalistlar o’ldirib ketilayotgani fuqaro urushiga sahna bo’lgan Tojikistonda jurnalistlarning dolzarb mavzularni ko’tarishga hali ham kuchi yetmayapti. Yozgani uchun jurnalist ustidan mahkama jarayoni boshlash odat tusiga kirgan.

Hajv ustasi Maqsud Jo’ra yozgani uchun amaldordan dakki olganini yashirmaydi.

“Men vatanim kelajagi, odamlar manfaaatini o’ylab yozgan fel’yetonimga allakimlardir, o’sha rahbar shaxslar ola ko’z bilan, yomon ko’z bilan qarashdi”, -deydi Maqsud Jo’ra.

Respublikada chop etiladigan “Tong” gazetasi bosh muharriri Po’lat Umarov tanqidiy mavzuni ko’targan jurnalist himoyasi uchun kurashni uning o’ziga havola qiladi. Uning fikricha jurnalistik birdamlik bo’lishi uchun muxbir xato qilmasligi kerak.

“Jurnalist matbuotda emas, tergov qayerda borayotgan bo’lsa o’sha yerda o’zini himoya qilishi kerak. Hali tergov ketayotgan vaqtda, matbuotda huquqiy asosdan xoli bo’lgan quruq oldi-qochdi narsalar matbuotda e’lon qilinmoqda. Bu degani, jurnalist jinoyat sodir etyapti. Jinoiy ish qo’zg’atilganidan so’ng tergov jarayoniga ta’sir etmaslik kerak. Olib borilayotgan ishlar aks ta’sir ko’rsatishi mumkin. Mard bo’lsang maydonga chiq deganlaridek, jurnalistlarni qanchalik kuchi bo’lsa matbuot orqali emas, dastlabki tergov ketayotgan joyga qaratishi kerak”, - deya fikr bildiradi Umarov.

Tojik mustaqil jurnalisti Alisher Tolibga ko’ra huquqiy bilimlari pastligi, oradagi guruhbozlik va ixtiloflar hamda mahalliychilik jurnalistlarning kuchsizligiga sabab bo’ladi.

“Sud jarayonlaridagi bahslarda bir-birlarini himoya qila olmasliklariga jurnalistlarning o’zlari aybdor. Ikkinchi jihat shuki, jurnalistlar orasida haligacha ko’plab ixtiloflar mavjud. Uchinchidan, sho’rolar davridan qolib kelayotgan kuchli mahalliychilik sabab ular o‘zaro birlashib himoyaga chiqmaydilar”, - deydi Alisher Tolib.

Gazeta muxbiri Abdurasul Mamadaliyev ham jurnalistlar huquqiy saviyasi pastligini urg’ular ekan, jurnalistni himoya qilishdan oldin hamkasblari uning o’zini yaxshi bilishlari zarurligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, javobgarlikka tortilayotgan jurnalistning o’zi yozganlari haqligiga ishonmay qoladilar.

“Ustidan mahkama jarayoni ketayotgan jurnalistni himoya qilishdan oldin hamkasblari uning kimligi va faoliyati qandayligini yaxshi bilishi kerak. Mahkamaga tortilayotgan jurnalist haqida hech qanday ma’lumotga ega bo’lmay turib, uning yozganlari nima maqsadda va nima uchun nohaq ekanligini tushunmay turib, boshqa jurnalistlar uning himoyasiga qanday qilib otlanadi?”- deb fikr yuritadi Mamadaliyev.

Jurnalistlar ittifoqiga endigina a’zo bo’lgan bir tojik jurnalisti amaldordan eshitgan gaplari tufayli qo’li qalamga bormasligini aytar ekan, “Rossiyada mardikorlik qilganim yaxshi edi” deydi. Uning fikricha, respublikada jurnalistlar huquqi qonuniy kafolatlangan bo’lsada, bu amalda ko’rinmaydi.

Hajvchi Maqsud Jo’ra amaldorlar jurnalistlarni raqib sifatida ko’rayotganidan kuyinar ekan, o’zlarini faqat yurt taraqqiyoti uchun xizmat qilishlarini ta’kidlaydi.

“Xalq, el-yurt, mamlakat manfaatini ko’zlab, mustaqil gazetalarda ochiqdan-ochiq yozilgan demokratik maqolalarni yoki mualliflarni [amaldorlar] o’ziga dushman hisoblamasligi kerak. Afsuski, mustaqil gazetada chop bo’layotganlarni, mustaqil gazetalarni ayrim kaltabin rahbarlar o’ziga raqib deb hisoblaydi. Biz hech qachon mamlakatga raqib bo’lmaymiz. Biz mamlakat manfaati, taraqqiyoti, xalqni rivoju-ravnaqi uchun har doim tarafdormiz va shu maqsadda qalam tebratamiz”, - deydi tojikistonlik o’zbek jurnalisti va hajv ustasi Maqsud Jo’ra.

XS
SM
MD
LG