Arablar va Amerika: siyosiy munosabat ortidagi savollar


Iqtisodiy tanazzul, ishsizlik, Iroq va Afg'onistondagi urushlar, sog’liqni saqlash va ta’lim sohasidagi muammolar...

Arab amerikaliklar ham boshqalar muhojirlar qatori prezidentlikka qaysi nomzod bu masalalarga aniq yechim taklif qilsa, o’shanga ovoz bermoqchi.

Amerikada uch milliondan ziyod arab istiqomat qiladi. Aksariyati nasroniy, to’rtdan bir qismigina musulmondir.

So’nggi statistik ma’lumotlarga ko’ra, arab jamoalari eng ko’p shtatlar qatoriga Michigan, Florida, Ogayo, Pensilvaniya va Virjiniya kiradi.

Tadqiqotchi Jim Zogbiga ko’ra, 80 foizga yaqin arab amerikaliklar iqtisodiy ahvolning yomonlashib borayotganidan xavotirda.

“Oilali odamlar uchun sog’liqni saqlas, ta’lim mavzulari muhim. O'g'lim yaqinda Iroq urushidan qaytdi, biroq hamon ish topa olmayapti, shumi uning xizmatiga bo’lgan minnatdorchilik”, - deya so’raydi bir fuqaro.

So’nggi so’rovlar demokrat nomzod Barak Obama, respublikachi raqibi Jon Makkeyndan 14 foiz ustunlik bilan arablar yuragiga yo’l topganini ko’rsatmoqda.

"Men aslida respublikachiman, ammo bu yil Obamaga ovoz beraman. Sabab uning tashqi siyosat va iqtisodiyot borasidagi dasturi menga ko’proq ma’qul", - deydi amerikalik arablardan biri.

Saylov kampaniyasi davomida “arab” va “musulmon” so’zlarining salbiy ma’noda qo’llangani arab jamoalari noroziligiga sabab bo’lmoqda. Masalan respublikachilar reklamasida va yig’inlarida Barak Obama musulmon ekan deya mish-mish tarqatilib, uni go’yoki terrorchilar bilan aloqa qilayotganiga urg’u berilgan.

Jon Makkeynning saylovchilar bilan uchrashuvida bir ayol o’rnidan turib, “Obama arab ekan” deya savol berganida, respublikachi senator, “zinhor unday emas, u namunali ota va o’z yurtining sodiq farzandi”, - deya javob qilgan edi.

Bu degani, arab va musulmonlar “namunali ota va o’z yurtining sodiq farzandi” bo’la olmaydimi?

Bu savolni Obamani quvvatlab chiqqan siyosiy arbob, sobiq davlat kotibi Kollin Pauel o’rtaga tashladi.

“Bu yurtda musulmon bo’lishning nimasi yomon. Nega Amerikada tug’ilgan har bir musulmon men ham prezident bo’la olaman, deya o’ylamasligi lozim”, - deb fikr bildirib, Pauel ko’pchilik arablar dilidagi gapni aytdi.

"Kollin Pauelning gaplari arab va musulmon jamoalarida ijobiy kutib olindi. Pauel bu mavzuda oshkora gapirgan ilk siyosatchi. Shu kungacha musulmonlar o’zini diskriminasiyaga uchragan firq’a sifatida bilardi", - deydi nyu-yorklik arablardan biri.

AQShda tug’ilgan yoki fuqaro bo’lgan har bir shaxs, arabmi, musulmonmi, nasroniy yoki yahudiy, deydi muhojirlar, mamlakat taqdiri va oila kelajagi haqida birdek qayg’uradi.

XS
SM
MD
LG