47 yoshli, qora tanli Barak Obama Amerika ishonchini qozondi


Amerikaning 44-prezidenti demokrat, qora tanli Barak Obama bo’ladi.

Amerika bugun tarixiy damlar og’ushida. Bu xalq shu kungacha afro-amerikalikni davlat rahbarligiga loyiq ko’rmagan.

47 yoshli senator Qo’shma Shtatlarni o’zgarishlar davri keldi, boshqaruv yosh avlod vakillariga o’tsin, Amerika dunyodagi o’rnini mustahkamlasin deya ishontira oldi.

“Orzumiz ushalishini uzoq kutdik. Lekin bu kecha, bu kun, bu saylov va bu damda Amerika yangilikka tayyor ekanini isbotladi”,- deydi Obama.

Barak Obama raqibi respublikachi Jon Makkeynni katta farq bilan yengdi.

Shu kungacha faqat oq tanli va respublikachilarga ovoz bergan shtatlar Obama ularga ma’qul ekanini ayon qildi.

Amerikada kechagi saylovlarda 150 millionga yaqin fuqaro ovoz bergani taxmin qilinmoqda. 300 million aholiga ega davlatda tarixda buncha katta sonda saylovga chiqilmagan.

Jon Makkeyn mag’lubiyatni tan olarkan, Amerika buyuk davr bo’sag’asida dedi.

“Amerika xalqi bugun o’z maqsadini aniq va ravshan bayon qildi. Barak Obamani har ikkimiz birdek ardoqlagan bu davlatning yangi prezidenti ekani bilan chin dildan tabriklayman”,- dedi Makkeyn sodiq tarafdorlariga qarata.

“Amerika birdam bo’lishi kerak, kelishmovchiliklarni chetga surib, bir yoqadan bosh chiqarib ishlaymiz”,- dedi Makkeyn ona shtati Arizonadan turib.

Chikagoda o'nlab ming amerikaliklar qarshisida g'alabani tantana qilgan Obama esa “saylov o’zgarishlarga yo’l ochdi xolos. O’zgarishga erishish qattiq mehnat va shijoat talab qiladi”,- demoqda.

4 noyabrda Amerika fuqarolari Vakillar Palatasi va Senatga ham yangi a’zolar sayladi. Natijalarga ko’ra, har ikki palatada demokratlar ko’pchilik o’ringa ega bo’ladi.

Amerikada yangi prezident, yosh va qora tanli rahbar saylangani dunyo bo’ylab tantana qilinmoqda.

Saylovlar AQSh uchun katta siyosiy, ijtimoiy va madaniy sinov bo’ldi.

Ko’pchilik nazarida mamlakat irqchi emasligini isbotladi, ammo Obamaning qanday prezident bo’lishini vaqt ko’rsatadi, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan odamlar.

Yevropa, Osiyo, Afrika va Latin Amerikasi axborot vositalari, sharq matbuoti Obamaning saylanishini uyg’onish deya ta’riflamoqda.

Turli davlat prezident va bosh vazirlaridan tabriknomalar yog’ilmoqda.

Iroq, Afg’oniston, Pokiston, Xitoy, Britaniya, Fransiya, Germaniya, Avstraliya rahbarlari Obama bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirmoqda.

Afrika bo’ylab, Amerikaning yangi prezidenti qora tanli ekani Afrika xalqlari uchun ham namuna, ham faxr ekani tilga olinmoqda.Barak Obama prezidentlik uchun yanvar oyida qasamyod keltiradi.

Obama jahon hukumatlari va ahliga murojaat qilib, Amerikaga nisbatan yangicha qarashga chaqirdi. Qo’shma Shtatlar dunyo bilan bog’lanishga, xalqlar dardiga quloq tutishga shay bo’ladi deydi Obama.
XS
SM
MD
LG