AQSh va Rossiya harbiy hamkorlik bitimini muhokama qiladi


AQSh Davlat kotibining Qurol-aslaha nazorati bo’yicha muovini Jon Rud ikki haftadan so’ng Moskvada Rossiya Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Sergey Ryabkov bilan uchrashadi.

90-yillarda davlatlar Strategik qurollarni nazorat qilishga doir bitim imzolagan. Hujjat kelasi yil oxirida nihoyasiga yetadi.

Hafta boshida Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Yevropa bilan chegarada raketa tizimini o’rnatish tashabbusi bilan chiqdi.

Bu, deydi Medvedev, AQSh Yevropada rejalagan mudofaa tizimiga javob.

Davlat kotibi muovini Jon Rud nazarida AQSh Rossiyaning bu harakatidan norozi, ammo Rossiya bilan harbiy muloqotni davom ettiradi. Yaqinda rasmiy Vashington mudofaa tizimi va strategik qurollar nazorati borasida Moskvaga o’z takliflarini jo’natgan.

Qo’shma Shtatlar Polsha va Chexiya Respublikasida raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish rejasini e’lon qilgandan beri Rossiya tinchini yo’qotgan.

Loyihaga ko’ra, Polshada raketani urib tushirishga qodir 10 ta qurilma, Chexiyada esa radar o’rnatiladi. Bu, deydi AQSh rasmiylari, Eron hujumidan qalqondir, Rossiya xavotiri o’rinsiz.

Ammo Kreml o’z chegarasiga yaqin bu tizim Rossiyaga qarshi qaratilgan deb hisoblaydi. Javob chora sifatida Rossiya Boltiq dengizi yaqinida, Kaliningradda qisqa masofali ballistik raketalar o’rnatish niyatida.

Joriy hafta Moskvaga taqdim etilgan hisobotda loyiha atroflicha tushuntirilgan, deydi Jon Rud. Rossiya kuzatuvchilari qurilish jarayonini ko’rishi, Kreml uchun xavf yo’qligiga ishonch hosil qilishi mumkin, deydi u.

Medvedevning chiqishi tashvishli. Bu kabi bayonotlar avval ham yangragan. Biroq muhokama davom etadi, deydi davlat kotibi muovini.

AQSh va Rossiya tomonidan 1991 yilda imzolangan Strategik qurollar nazoratiga doir bitim muddati 2009 yilda tugaydi. Vashington, shuningdek,ikki davlat yadro arsenalini kamaytirishni ham taklif qilmoqda.

XS
SM
MD
LG