Tahlilchilar: Obama xalq ko'ngliga yo'l topdi


Qo’shma Shtatlar prezidentligi uchun kechgan 2 yillik bellashuvdan so’ng Barak Obama g’alaba nashidasini surar ekan, uninf zimmasiga ulkan ma’suliyat yuklanmoqda.

Obama raqibi Jon Makkeynni katta foiz bilan yengdi. U xalq ishonchini qozongani aniq. Amerika undan katta o’zgarishlar qilishni kutmoqda.

Bugun AQShda demokratlarining oshig’i olchi. Oq Uyga demokrat prezident saylandi. Kongressda esa ko’pchilik o’rinni egallashdi. Oxirgi marta ular bunday hukmronlikka 16 yil avval Bill Klinton prezidentlikka kelganida erishgan edi.

Siyosiy tahlilchi Natan Gonzalesning aytishicha sakkiz yillik Bush boshqaruvidan tinkasi qurigan xalq yangilikka, yangi liderga tashna edi.

Siyosiy sharhlovchi Mark Rom boshqa faktorlarga ham to’xtaladi.

“Xalq Obama haqiqatan ham ular tomonda ekanini ko’rdi. Oddiy odamlar muammosini yaxshi tushunishini, o’zi ham oddiy xalq orasidan, o’rta hol oiladan chiqqanini bildi. Obama mamlakat yoshlarini o’ziga qaratdi. Odamlarga saylovda qatnashish muhim deya ularni ovoz berishga ko’ndira oldi”,- deydi Mark Rom.

Obama prezidentlikka saylanishda zamonaviy texnologiyani ishga soldi. Tarafdorlari bilan internet orqali uzluksiz aloqada bo’ldi. Axborot vositalari va matbuotdan keng foydalandi.

Saylov kampaniyasini yoritgan Aleks Bernsning aytishicha AQSh moliyaviy tizimi inqirozga uchrar ekan, Barak Obama iqtisodiyotni yaxshi tushunishini ko’rsat oldi. “Aniq yechimlar taklif qila boshladi. Vaziyat tang ekan, tahlikaga tushgan saylovchilar tub o’zgarishlar payti yetganiga ishonch hosil qildi”,- deydi tahlilchi.

Obamaning g’alaba qozonishiga raqibi Jon Makkeynning ham hissasi bo’ldi, deydi sharhlovchi Mark Rom.

“Makkeyn xatolar ketidan xato qildi. Muammolarni beparvolik va kaltabinlik bilan qabul qildi. U oddiy xalqdan uzoqlashdi. Buning oqibati esa hammaga ayon”, - deydi Rom.

Makkeyn, shuningdek, o’zini xalq orasida nufuzi tushib ketgan prezident Jorj Bushdan uzoqlashtira olmadi.

Obama vitse-prezidentlikka tanlagan senator Jo Bayden saylovda katta kuchga ega ishchilar sinfi bilan til topishdi. Ogayo, Pensilvaniya va Florida kabi yirik shtatlarda o’rta xol aholini Obama tomonga og’dirdi.

Makkeyn muovinlik uchun tanlagan Alyaska gubernatori Sara Peylin esa saylovchi ishonchini qozona olmadi. Hatto o’z partiyadoshlari orasida kulgi bo’ldi. Omma nazarida tashqi siyosatda g’o’r, iqtisodiy masalalarda bilim saviyasi past arbobdek ko’rindi.

Barak Obamaning eng katta yutug’i, deydi tahlilchilar, u Amerikada birdamlik tushunchasini yangilay oldi. Jins, irq, etnik va diniy kelib chiqishi, qolaversa qaysi siyosiy partiya a’zosi bo’lishidan qat’iy nazar har bir amerikalik o’z ovozi bilan mamlakat kelajagini o’zgartira olishiga ishontirdi. Endi esa bu ishonch ortidagi maqsadlarni amalga oshirish kerak.

XS
SM
MD
LG