Prezident Barak Obama haqida o'zbekistonliklar nima demoqda?


Obamaga umid bog'lab

Sharhlovchilar fikricha, Amerikada Barak Obamaning prezident etib saylanishi AQShga nisbatan salbiy munosabatni o`zgartirmoqda.

Obama dunyo siyosatida burilish yasashi mumkin, deydi ba’zilar.

Bu saylov jamoatchilikda AQSh demokratiyasiga ishonchni tiklagan. O’zbekistonda ham qora tanli prezidentga umid bog’layotganlar bor.

Barak Obama jahonda, jumladan, O`zbekistonda qanday o`zgarishlar qilishi mumkinligi haqida turli mulohazalar mavjud.

Ayrimlar nazarida Afg`oniston bilan shug`ullanishga bel bog`lagan Obama O`zbekiston bilan aloqani rivojlantiradi.

Demokratiya va inson huquqlari borasidagi siyosatda esa o`zgarish bo’lishi shubhali, deydi ular.

Barak Obama g’alabasi O’zbekistondagi faollar tomonidan quvonch, umid bilan kutib olingan. Biroq rasmiy munosabat haqida gapirish qiyin, mamlakat matbuoti ham AQShdagi saylovlarni atroflicha yoritmagan.

AQShning O`zbekistondagi elchisi Richard Norland saylov munosabati bilan Toshkentda tashkil etilgan tadbirda saylov natijalaridan qat’iy nazar AQSh -O`zbekiston aloqalari avvalgiday rivojlanishini ta`kidlab o`tdi.

Mamlakatdagi faollar esa yangi ma’muriyat demokratik jarayonlar va inson huquqlari bobida o’zgarish qiladi degan umidda.

“Bush davrida demokratiya tushunchasi obro`sizlantirildi. G’arbcha demokratiya bizga kerak emas degan fikrlar ko`p aytila boshladi. Yangi ma’muriyat esa demokratiyani tiklash uchun harakat qiladi. Biz uchun muhim tomoni - saylov xalq irodasini ko`rsatdi. Hozirgi prezident qo’lida barcha ma`muriy resurslar bo’la turib, o’z partiyasi nomzodini o`tkazishga harakat qilmadi. O`zbekistonda esa kimning qo`lida ma`muriy resurslar bo`lsa, saylov taqdirini osha belgilaydi. Saylov saylov emas”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

Notanish arbob

Sharhlovchilardan birining aytishicha, O’zbekiston rasmiy doiralaridagi jimlik, xususan, matbuotning ham saylov mavzusini chetlab o`tishi bejiz emas.

“Obama MDH miqyosida ham, O`zbekiston hukumati uchun ham o`rganilmagan shaxs ”, - deydi u.

AQShdagi saylovlar O’zbekiston matbuotida yoritilmasa-da, boshqa axborot vositalari orqali sharhlangan, aholi tomonidan qiziqish bilan kuzatilgan. Saylov AQSh demokratiyasi haqidagi tasavvurni kengaytirgan.

“O’zbekiston axborot vositalarida bu narsa yoritilmagan bo’lsa-da, saylovni kuzatgan odamlarning fikri juda ijobiy. Oddiy qilib aytganda, haqiqatda demokratiya bor ekan-ku, ishondik, degan fikrlar aytilyapti. AQShda qora tanlining prezidentlikka saylanishi tarixiy hodisa sifatida qabul qilinayapti”, - deydi “Tezkor guruh” analitik markazi vakili Suhrob Ismoilov.

Barak Obama g’alabasi dunyo jamoatchiligi tomonidan olqishlanmoqda. AQShning yangi prezidenti dunyoda iqtisodiy inqiroz kuchaygan paytda hokimiyatga keldi.

Yangi rahbar oldida turgan birinchi vazifa - bu inqirozni bartaraf etish, tashqi siyosatda Iroq va Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish.

Afg'oniston - AQSh va O'zbekistonni bog'lovchi omil

Siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov fikriga ko`ra, Barak Obama Afg’onistondagi vaziyatni yaxshilashga jiddiy kirishmoqchi, faqat shu omil O’zbekiston bilan munosabatlarda o`zgarish qilishi mumkin.

“Afg’oniston bo’yicha hamkorlik kuchayishi mumkin. Boshqa munosabatlarda keskin burilish bo`lmaydi. Ko’p masalalarda president emas, Kongress qarorlari muhim rol o`ynagan. Hozir ham buni inobatda tutish kerak."

"Barak Obamaning shaxsiy qarashlaridan qat`iy nazar qonunchilik organi - Kongress, qolversa, Mudofaa vazirligi bor. Bu idoralar bilan hisoblashish kerak", - deydi Tolipov.

Farhod Tolipov nazarida Barak Obama g’alabasida uning Iroq va Afg’oniston bo’yicha pozitsiyasi hal etuvchi rol o’ynagan. Umumiy geosiyosiy vaziyatda Obama mutlaq o`zgarishlar qiladi deyish qiyin.

“Tashqi siyosatda ko`p jihatdan oldingi ma`muriyat siyosatini davom ettirishi mumkin. AQSh tashqi siyosatini konkret shaxslar emas, muayyan shakllangan manfaatlar boshqarib kelgan. Shaxslar faqat bu yo’nalishni oz fazilatlari bilan kuchaytiradi”, - deydi Tolipov.

Inson huquqlari ikkinchi darajali masalami?

Muxoliftadagi “Erk” partiyasi vakili Otnazar Oripovning aytishicha, O`zbekiston bilan munosabatlarda Afg`oniston muammosi yetakchi o`ringa chiqqan taqdirda, inson huquqlari masalasi keyingi planda qolishi mumkin.

“Obama asosiy e`tiborni Afg`onistonga qaratmoqchi. Shunday bo`lgan taqdirda O`zbekistonni ham chetlab o`tmaydi. AQSh manfaatlari ko`zda tutilib, avvalgi yo`nalish saqlanib qolishi mumkin”, - deydi Oripov.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi vakili Abdurahmon Tashanov ta’biricha, Barak Obama demokratlarni qo`llab-quvvatlash siyosatini kuchaytiradi.

O`zbekiston Inson huquqlari jamiyati vakili Bobomurod Razzoqov taxminicha, Obama inson huquqlari masalasini strategik maqsadlar yo`lida qurol qilish siyosatiga barham berishi mumkin.

“AQShning yangi prezidenti yosh, serg`ayrat yigit. Meningcha, u avvalgi prezidentlar xatosini takrorlamaydi. O`zbekiston masalasida avvalgi siyosatdan farqli siyosat kutishimiz kerak. Oldin turli yopiq siyosiy o`yinlar bor edi. O`zbekistonga demokratiya olib kelamiz deyishdi, lekin manfaatlar boshqa tomonga og’ib ketdi. Bu yigit bunday xatolarga yo`l qo`ymasa kerak”, - deydi Razzoqov.

“Davlatlarda qiyin va yengil davrlar bo`ladi. Meningcha, Bush hukumati qiyin davrni boshidan kechirdi, xatolar qildi. Lekin Bush ma’muriyatini demokratiya va inson huquqlari masalasini ikkinchi darajali masala deb bilishiga ishonmayman. Vaqt va mablag` talab qiladigan muammolar juda ko`p. AQSh terrorizm, narkotrafik, demokratiya, inson huquqlari kabi muammolar bilan shug`ullanuvchi asosiy davlat bo`lib qolveradi”,- deydi “Tezkor guruh” tahlil markazi vakili Suhrob Ismoilov.

Barak Obamaning prezidentlikka kelishi odamlarda umid uyg`otgan, ayrim huquq himoyachilari Obama nomzodini qo`llab O`zbekistonda aksiya ham o`tkazgan edi.

Xo’sh, bu umidlar oqlanadimi? Barak Obamada buning uchun imkoniyat bo’ladimi?

“Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga nisbatan sanksiyalar joriy etganda ham umid bor edi, bu uchqun hali ham so’nmagan. Obama sinov oldida turibdi. Uning asosy vazifasi AQShdagi ichki muammolarni bartaraf qilish”, - deydi sharhlovchilardan biri.

“AQSh yordamga tayyor, lekin O`zbekistonda ichki siyosatda o`zgarish bo`lmasa, ahvol o`zgarmaydi. AQSh o`z navbatida harakat qilad. Lekin O`zbekiston tomoni inson huquqlari masalasida o`zgarish qilishiga shubha qilaman”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

AQSh-O`zbekiston munosabatlari murakkab. Ikki davlat o`rtasida imzolanagan strategik sheriklik bitimiga ko`ra rivojlana boshlagan aloqalar 2005 yilda Andijon fojealaridan keyin sovuqlashdi.

AQSh O’zbekistonni inson huquqlarini poymol etishda, O`zbekiston AQShni davlatning ichki ishlariga aralashayotganlikda aybladi. AQShning Afg’onistondagi harbiy amaliyotlari uchun muhim sanalgan Xonobod aerodromidan AQSh harbiy bazasi chiqarib yuborildi.

O'zgarish shamoli

So’nggi yillarda AQSh-O`zbekiston munosbatlari iliqlashmoqda.

Biroq bu O`zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat yaxshilanishi bilan bog'liq emas, deydi mutaxassislar.

Afg'onistonda vaziyat beqarorlashayotgani, geosiyosiy manfaatlar ustunlik qilgani bois, tomonlar o'rtasida yana muloqot boshlangan.

XS
SM
MD
LG