AQShda siyosat sirlarini o'rganishni istaganlar, qaydasiz?


Siyosat sirlari, jamiyatni boshqarish san’ati, iqtisodiy muammolarga yechim izlash usullarini o’rganish uchun Vashington - ajoyib ustaxona, tsex.

AQShdagi Gumanitar Fanlar Instituti (Institute for Humane Studies) bu ustaxonada malaka oshirish imkoniyatini beruvchi dargohdir.

Institut Charlz Kok nomli yozgi ta’lim dasturini (Charles G. Koch Summer Fellow Program Experience) yuritadi.

Avval dasturda qatnashgan Jon Tresherning aytishicha:

“Har yili yozgi kanikulda siyosatga qiziqqan, til bilgan, so’zga chechan, intiluvchan talabalar, o’qishni yaqinda bitirganlar Vashington va AQShning boshqa shaharlarida yirik tashkilotlarda amaliyot o’taydi”, - deydi Jon Tresher.

Taxminan 3 oylik amaliyot davomida talaba siyosatga ta’sir qilish dastaklari bilan tanishadi, siyosiy arboblar, jurnalistlar va olimlar bilan fikr almashadi.

Institut veb-saytida aytilishicha, programmada millati va qaysi davlat fuqarosi ekanidan qat’iy nazar barcha qatnashishi mumkin. Tashkilot viza olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam beradi.

“Student tashkilot veb-saytiga kirib, kerakli anketalarni to’ldiradi, o’z fikrlarini, siyosiy qarashlarini bayon shaklida topshiradi. Hech qanday testdan o’tish shart emas. Albatta, u yoki bu testdan o’tgan bo’lsangiz, buni qayd etib o’tish mumkin. Sizning faoliyatingizni baholashda foydali ma’lumot bu. Albatta, ingliz tilida bemalol gaplasha olish kerak”, - deydi Jon Tresher.

Aytish joiz, tanlov juda yuqori, faqat 80 kishi qabul qilinadi.

Odatda bir o’ringa 15 kishi da’vogar.

Qabul hay’ati talabaning qobiliyatlari, yetakchilik xususiyati, fikrlashi, erkinlik-ozodlik haqidagi o’ylari va siyosat haqida tasavvurini inobatga oladi.

Qatnashchilar KATO Instituti, Jorj Mashall Instituti, Tijorat va Ta’lim vazirliklari kabi joylarda ishlaydi.

Hujjatlar 31 yanvargacha qabul qilinadi. Ularni jo’natishdan avval shart va talablarni diqqat bilan o’rganib chiqish tavsiya qilinadi.

Gumanitar Fanlar Instituti nojitorat tashkiloti bo’lib, 1961 yilda erkinlik tamoyillarini targ’ib qilish maqsadida tuzilgan.

Tashkilot ozodlikka intilgan talabalarga ta’lim, tadqiqot va kasbiy tajriba bobida yordam berishni o’z oldiga maqsad qilgan.

Charlz Kok nomli ta’lim dasturi esa 1992 yildan beri yuritib kelinadi. Ma’lumot uchun manzil: www.theihs.org

27 oktyabr kungi maqolaga izoh:

27 oktyabr kungi sonda Edmund Muskie dasturi haqida ma’lumot bergan edik. Aniqlik kiritib o’tmoqchimiz. Lavhaning kirish qismida berilgan AQSh-O'zbekiston aloqalari sharhi qoraqalpog’istonlik talaba Azizboy Mambetkarimovning fikri emas.

XS
SM
MD
LG