Breaking News

AQSh-Rossiya aloqalari tarangligicha qolmoqda


Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning mamlakat mudofaa tizimini yangi raketa qurilmasi bilan kuchaytirish haqidagi bayonoti G'arb tashvishiga sabab bo'lmoqda. Sharhlovchilarga ko`ra bu bayonot AQSh va Rossiya munosabatlaridagi taranglikdan dalolat.

AQShda saylov natijalari ma'lum bo'lgan kuni Medvedev raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi masalasini ko`tardi. Rossiya AQShning mudofaa tizimini Polsha va Chexiyaga o`rnatishi rejasiga javoban Kaliningrad viloyatida "Iskandar" rusimidagi qisqa masofali yangi raketa kompleksi joylashtirishini ma`lum qildi.

Sharhlovchilarga ko`ra Rossiyaning bu kabi bayonoti AQSh bilan mavjud keskinlikning saqlanib qolishidan darak bermoqda.

Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov nazarida Rossiya AQSh mudofaa tizimini o`rnatishi yoki o`rnatmasidan qat'iy nazar, qurollanish poygasiga zo'r bermoqchi.

"AQSh Polshada bo`ladimi, Chexiyadami, bular faqat bahona. Rossiya qurolli kuchlarini kuchaytiradi. Shu bilan imperiyani saqlab qolish ilinjida. Bu xato. Rossiya hozirdanoq Sovuq Urush davriga kirib bordi. Avval bu narsani jamoatchilikdan yashirish mumkin edi, lekin hozir buni yashirishning iloji yo`q", - deydi sharhlovchi.

Iskandar Xudoyberganovga ko`ra AQSh-Rossiya aloqalari mintaqadagi vaziyatga bevosita tasir ko`rsatuvchi muhum omil.

"Rossiya albatta bizni o`zini harakatiga qo`shib oladi. Agar mintaqada Xitoy, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bo`lmaganda edi, O`zbekiston Abxaziya bilan Osetiyani mustaqilligini tan olgan bo`lardi", - deydi u.

Sharhlovchi Kamron Aliyev fikricha Rossiya bildirayotgan xavotirlarni ham tushunish mumkin.

"Raketa tizimini Polsha va Chexiyaga olib kelinishi Rossiyaning markaziy shaharlariga qaratilgan tajovuz sifatida ko`rilmoqda, shu bois tortishuvlar davom etadi ", - deydi u.

Prezidentlikka saylangan Barak Obama ma'muriyatini mudofaa tizimi borasida qanday siyosat yuritishi haqida turlicha fikrlar bildirilmoqda. Kamron Aliyev nazarida Bush ma`muriyati tutgan pozitsiyaning o`zgarishi qiyin.

"AQSh o`zini, Yevropani demokratik davlat sifatida biladi, biroq Shimoliy Koreya, Xitoy, Eron, Rossiya kabi davlatlarga tajovuz kutish mumkin bo`lgan mamlakatlar sifatida qaraydi. Bu siyosat Obamani davrida ham davom etadi. Yangi prezidentning munosabatlarni iliqlashtirishga qaratilgan harakati natija keltirishi qiyin ", - deydi Kamron Aliyev.

Iskandar Xudoyberganovga ko`ra Obamaning Rossiyaga nisbatan siyosati hozirgacha mavjud bo`lgan siyosatdan keskin farq qiladi.

"AQSh mudofaa tizimini bahona qilib, Rossiya Kaliningradda harbiy salohiyatini kuchaytirishga harakat qilyapti. Obama mudofaa tizimini yo`qqa chiqarishi ham mumkin, lekin bu umumiy siyosatga ta`sir etmaydi. O`ylashimcha, Obama yaqin kelajakda Rossiyaga nisbatan yanada qattiqroq siyosat shakllantirishga majbur bo`ladi ", - deydi Xudoyberganov.

Tahlilchchilar keyingi paytda Rossiya nafaqat Kavkazda, balki Markaziy Osiyoda ham harbiy tuzilmalarni kengaytirishga zo`r berayotganidan tashvish bildirishadi. Yaqinda Rossiya MDH Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a'zo Markaziy Osiyo davlatlari bilan mintaqada tezkor harbiy qo`shinlar batalionini tuzish tashabbusi bilan chiqqan edi.

XS
SM
MD
LG