BMT dinlararo muloqotni targ'ib qilmoqda


Bugun BMT Bosh Assambleyasida dinlararo muloqotga bag'ishlangan ikki kunlik anjuman o'z nihoyasiga yetdi. Ishtirokchilar davlatlarni inson huquqlarini e'zozlashga va diniy erkinliklarni himoya qilishga chaqirdi. Anjumanda 80 ga yaqin davlat rahbarlari va rasmiylari ishtirok etib qo'shma bayonot chiqargan. Konferensiyada prezident Bush ham ishtirok etgan.

AQSh rahbarining aytishicha, diniy erkinlikni demokratiyani targ'ib qilish orqali himoya qilish mumkin.

"Ko'p yillar avval mening e'tiqodim meni to'g'ri yo'lga soldi. E'tiqodim tufayli prezidentlikning quvonch va tashvishlaridan eson-omon o'tdim. Umrimning bundan keyingi qismini ham e'tiqodimga tayanib yashayman," dedi Bush hayotini misol tariqasida keltirib.

Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar diniy ta'qibdan qochgan odamlar tomonidan yaratilgan. Diniy erkinlik AQSh konstitutsiyasi tomonidan kafolatlanadi, deydi Bush.

"Erkinlik - bu xudoning har bir kishiga bergan in'omi va bu erkinlik odamlarning o'z bilganicha e'tiqod qilish huquqidan iborat," deydi Bush.

Unga ko'ra, diniy erkinlikni himoya qilish AQSh tashqi siyosatining muhim qismi bo'lib kelgan.

Prezident Bushning aytishicha, odamlar turli dinga va turli joyda sig'inishi mumkin, ammo aynan e'tiqod barchani bir xil qadriyatlarga yetaklaydi.

XS
SM
MD
LG