O'zbekistonda SPIDga oid ma'lumotlar sir saqlanmoqda


Qator xalqaro ommaviy axborot vositalarida Namangan viloyatida 40 dan ziyod go'dakka SPID kasali yuqtirilgani haqida xabar tarqalgan, ammo bu ma'lumot O'zbekiston jamoatchiligiga oshkor qilinmadi. Mamlakatda SPID – orttirilgan immunitet tanqisligi sindromiga oid vaziyat, bu boradagi raqamlar sir tutiladi.

Mutaxassislar fikricha, vaziyat og'ir. Namangandagi hodisa boshqa viloyatlarda ham kuzatilayotgan bo`lishi mumkin, faqat bu ochiq aytilmaydi. Xalqaro tashkilotlar hisobotida O`zbekiston SPID kasalligi tez tarqalayotgan davlatlardan biri sifatida qayd etiladi.

Namanaganda yosh bolalarga SPID qanday yo`l bilan yuqtirilgani yuzasidan hozirda tekshiruv ishlari ketmoqda. Kasallik donorlik qoni yoki shprits orqali yuqqanligi haqida taxminlar mavjud.

Mutaxasislarga ko`ra O'zbekistonda SPID bilan bog`liq vaziyat juda og`ir, faqat vaziyat oshkor etilmaydi.

SPID kasalligiga chalingan kishilarga oid statistika 2005 yildagi vaziyat bilan cheklanadi. O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligini rasmiy saytida ko`rsatilishicha 2005 yildagi vaziyatga ko'ra har 100 ming aholidan 0.04 foizida SPID kasalligi aniqlangan.

Keyingi yillardagi vaziyat haqida hech narsa deyilmaydi. SPID kasalligi bilan bog'liq 2007 yildagi vaziyat ancha avval BMTni OITSga qarshi kurash qo'mitasi tomonidan chiqarilgan hisobotda aks etgan edi.

Bu hisobotga ko'ra SPID kasalligiga chalinish bo'yicha O`zbekiston mintaqada etakchi o'ringa chiqqan. Kasallik 2003 yillarga nisbatan keskin suratlar bilan ko'payayotgani ta'kidlanadi.
Toshkentdagi tibbiy markaz shifokorlaridan biriga ko'ra vaziyatni bilish uchun ma'lumotga ega bo'lish kerak, u shifokor sifatida zarur ma'lumotlardan xabarsiz:

“Sir, sir bo'lib oxiri voy bo'lib qolmasa yaxshi edi. Hamma joyda ochiq aytiladi-ku vaziyat. Bizga kelayotgan ma'lumotlarda ham ochiqlik yo'q, kelgan donorni familiyasini bilmasdan turib qon olib bo'lmaydi, virusga chalingan odam kasallik zo'raymasa sog'-salomat yuraverishi mumkin, virusni tashuvchi kishi sifatida. Bu borada ma'lumotlar yo'q, hech narsa deyolmayman”.

"Tibbiy huquqiy markaz" direktori Vohid Karimovga ko'ra, SPID yuqtirilishi bilan bog'liq vaziyatda ochilganidan, yopiq qolayotgan holatlar ko'p.

“SPIDga oid qon tahlili olinsa, belgi qo'yiladi o'tdi degan ma'noda. Bu boradagi o'quv mashg'ulotlari juda kam, hammasi moliyaga borib taqalyapti. Hozir vodiydagi voqea Samarqandda, Buxoroda yoki Toshkentda bo'layotgan bo`lsa ham, biz buni bilmasligimiz mumkin. Tashxis qo'yish judayam past darajada”, - deydi u.

Vohid Karimovga ko'ra, SPID yuqtirish holati giyohvand moddalari iste'molidan tashqari shifokorlar tomonidan yo'l qo'yilayotgan xatolar tufayli ham ko'paymoqda.

“Shifokorlarning, stomotologlarning xatosi, bundan tashqari SPID markazlarida targ'ibot ishlari yaxshi yo'lga qo'yilmagani natijasida sodir bo'lmoqda hozirgi vaziyat”, - deydi Vohid Karimov.

SPIDga qarshi targ'ibot yurutuvchi nodavalat tashkilot vakillaridan biriga ko`ra vaziyat haqiqatdan og`ir, buni SPID yuqtirilishida tibbiyot muassasalarini ayblovchi sud jarayonlari tez-tez kuzatilayotganidan ham bilsa bo'ladi. Mutaxassislarga ko'ra, O'zbekistonda SPIDga qarshi kurashda targ`ibot kompaniyasi yo`lga qo'yilmagan.

O'zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Sog'liqni saqlash vazirligi bilan shunday kompaniya yurtishda hamkorlik qiluvchi tashkilot.

“Bu borada aksiyalar o'tkaziladi, lekin asosiy tashviqot jarayoni 1 dekabr (Butunjahon SPIDga qarshi kurash kuni) munosabati bilan uyushtiriladi”, - deydi

“Kamolot” ijtimoiy harakatini matbuot xizmati vakili. Mutaxassislar SPID muammosi O`zbekiston jamoatchiligi uchun eng og`ir muammolardan biriga aylanishi haqida o`gohlantirishadi. Kasallikka qarshi kurash vaziyatni oshkor etish, xalqaro tashkilotlar tajribasi va ko'magidan foydalanishga moyillik berishni taqazo etadi.

XS
SM
MD
LG