Breaking News

Jahon rahbarlari Vashington sammitidan mamnun


Boy hamda rivojlanayotgan mamlakatlardan iborat “Yigirmalik guruhi” iqtisodiy o’sishni tiklash uchun birgalikda harakat qiladi.

AQSh poytaxti Vashingtonda o’tgan bir kunlik sammitda global moliyaviy bo’hrondan chiqib olish yo’llari muhokama etilgan.

Yig’ilish yakunida qabul qilingan bayonotga ko’ra, xalqaro moliya tizimiga qanday o’zgartirish kiritilmasin, erkin bozor tamoyillariga amal qilinadi.

Sammit ishtirokchilari natijadan mamnun ekanini aytmoqda. Bu “Yigirmalik guruhi” deb nom olgan boy va rivojlanayotgan davlatlar rahbarlarining ilk uchrashuvi edi.

Guruh tuzilganiga 10 yildan oshgan bo’lsa-da, shu kungacha moliya va savdo vazirlari darajasida uchrashib kelgan.

Tahlilchilar ta’biricha, Vashington sammiti shunisi bilan e’tiborga molikki, global iqtisodiy qarorlarda Shimoliy Amerika, Yevropa hamda Yaponiya ustunligi poyoniga yetayotgan ko’rinadi.

“Rivojlanayotgan mamlakatlar fikrini ham inobatga olish vaqti yetdi”, - deydi Braziliya prezidenti Luiz Inasio Lula da Silva.

Majlis tashkilotchilaridan biri, Britaniya Bosh vaziri Gordon Braun deydiki hukumatlar inqiroz bilan yuzlashganda o’z manfaatlarini himoya qilishi tabiiy. Ammo bunday proteksionizm kayfiyatiga berilmaslik lozim.

Yigirmalik Guruhi, deydi Braun, kelasi 12 oy mobaynida savdo va sarmoya yo’liga to’siqlar qo’ymaslikka so’z berdi. Uning aytishicha savdo vazirlari yil oxiriga qadar alohida uchrashib, bu borada gaplashib oladi.

To’qqiz sahifali sammit deklaratsiyasida yozilishicha, bugungi xalqaro moliya tizimidagi muammolar haddan tashqari ko’p qarz olish va tavakkal qilish natijasida yuzaga kelgan.

AQSh prezidenti Jorj Bush nazarida moliya tizimini o’zgartirishga urinish muammoni hal qilmaydi, biroq moliyaviy tashkilotlar va banklarni kuchliroq nazorat qilish takliflariga qo’shilishini aytgan.

Sammitda ishtirok etgan Yigirmalik Guruhiga Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevropa hamda Osiyo mamlakatlari, shuningdek Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika va Avstraliya kiradi.

Qashshoq mamlakatlarga qarz beruvchi Xalqaro Valyuta Jamg’armasi rahbari Dominik Straus Kanning aytishicha, kelasi yil bahorida navbatdagi yig’ilish rejalangan.

Unda Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg’armasi faoliyati qayta ko’rib chiqiladi. Rivojlanayotgan davlatlarga ko’proq vakolat berilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG