Breaking News

Dunyo bo'ylab iqtisodiy o'sish sur'atlari pasayib bormoqda


Boy va rivojlanayotgan mamlakatlardan iborat “Yigirmalik Guruhi” global moliyaviy inqirozni yengish uchun birgalikda harakat qilishga kelishib olgan.

Qariyb bir yil oldin AQSh ko’chmas mulk bozorida boshlangan inqiroz bugunga kelib qator boshqa davlatlarni ham qamrab olgan. Bush ma’muriyatiga ko’ra, sammitda muvofiqlashgan holda chora ko’rish uchun zamin yaratildi.

Yigirmalik Guruhiga Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevropa hamda Osiyo mamlakatlari, shuningdek Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika va Avstraliya kiradi.

Vashington sammitida moliyaviy tashkilotlar va banklarni kuchliroq nazorat qilish, bozor qonun-qoidalarini qayta ko’rib chiqish muhokama etilgan. Sammit yakunida qabul qilingan hujjat ko’proq umumiy xarakterga ega.

“Muhimi”, deydi AQSh Tijorat vaziri Karlos Guterrez, “Yigirmalik Guruhiga a’zo davlat rahbarlari bir davraga o’tirib, uzoq muddatli maqsad-vazifalarni belgilab olishdi. Tanazzul oqibatlarini bartaraf etish bir kunlik ish emas, muammolar bir majlisda hal bo’lmaydi”.

Uchrashuvdan bir xulosa shuki, ayni paytda moliyaviy muassasalar ustidan nazoratni kuchaytirish o’rinli. Biroq, deydi vazir, erkin bozor tamoyillariga ham amal qilish lozim.

“Global moliya tizimini o’zgartirishga hojat yo’q, balki uni mustahkamlash, takomillashtirish kerak”.

Yigirmalik Guruhining favqulodda majlisi dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida iqtisodiy o’sish pasayayotgan bir mahalda o’tkazilgan. Yevropa Ittifoqi davlatlari, AQSh, Yaponiya hamda Xitoyda mahsulot ishlab chiqarish hajmi kamayib bormoqda.

XS
SM
MD
LG