AQSh-Iroq bitimi kelajakda qayta ko'rib chiqilishi mumkin


AQSh-Iroq harbiy bitimiga ko'ra amerikalik askarlar mamlakatni uch yildan so'ng tark etishi kerak, ammo AQSh rasmiylarining aytishicha, bitim kelajakda qayta ko'rib chiqilishi ham mumkin. Bu mamlakatdagi vaziyatga bog'liq, deydi ular.

AQShning birinchi raqamli harbiysi, admiral Mayk Myullenning aytishicha, Qo'shma Shtatlar bitim shartlariga qat'iyan rioya qiladi, ammo shu bilan birga uch yil katta muddatdir.

"Uch yil ichida ko'p narsa o'zgarishi mumkin. Agar vaziyat salbiy tomonga burilsa, buni muhokama qilib, kerakli choralar ko'ramiz," deydi Myullen.

AQShning Iroqdagi elchisi Rayan Kroker Iroq parlamenti bitimni 10 kun ichida tasdiqlaydi degan umidda. Bitim 31 dekabr kuni muddati tugayotgan BMT Xavfsizlik Kengashi mandatini yangilaydi.

O'tmishda Oq Uy ma'muriyati qo'shinlarni chiqarish uchun aniq muddat belgilashga qarshi bo'lgan.

Admiral Myullen nazarida agar vaziyat va Iroq xavfsizlik kuchlarining tayyorgarligi hozirgiday bo'lsa, askarlarni chiqarish muddatini o'zgartirishga hojat bo'lmaydi.

Ayni damda Iroqda AQShning 150 mingga yaqin qo'shini bor. Ularning barchasini hamda harbiy texnikani mamlakatdan chiqarishning o'ziga 2-3 yil vaqt ketadi. Kelasi yil o'rtalarigacha zobitlar Bag'dod va Mosuldan boshqa hamma shaharlardan chiqishi mumkin, deydi Myullen.

Yangi saylangan prezident Barak Obama saylov kampaniyasi davomida qo'shinlarni 16 oyda chiqarishga va'da bergan edi.

Admiral Myullenning aytishicha, agar Obama shunga buyursa, u harbiy sifatida buyruqni bajarishga majbur bo'ladi, ammo shu bilan birga, deydi admiral, Obama bunday buyruq chiqarishdan oldin u va boshqa harbiylar bilan maslahatlashishini aytgan.

Admiral Myullen Barak Obamaga qanday maslahat berishini hozircha aytmagan.

XS
SM
MD
LG