Breaking News

Obama va Kongress iqtisodiyotni jonlantirishga urinmoqda


Kongress saylovlardan so'nggi ilk majlisiga to'planib AQSh iqtisodiyotini jonlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni muhokama qilishga kirishgan, jumladan avtomobil sanoatini. So'nggi paytlarda avtomobillar savdosi yurishmayapti, qator zavodlar yopilgan, minglab odamlar ishsiz qolgan.

Kongressdagi demokrat qonunchilar hukumat tomonidan moliyaviy inqirozni bartaraf etish uchun ajratilgan 700 milliard dollarning 25 milliardini avtomobilsozlarga bermoqchi.

Senatdagi ko'pchilik sardori Garri Ridning aytishicha, agar avtomobil sanoati qutqarilmasa, bundan millionlab odamlar jabr ko'rishi mumkin.

Ammo respublikachi qonunchilar va Bush ma'muriyati sanoatga pul bermoqchi emas. 700 milliard dollarlik reja o'ylanayotganida avtomobilchilar emas, moliyaviy tashkilotlar nazarda tutilgan, deydi ular.

Respublikachilar avtomobil kompaniyalari rahbariyatini zaif boshqaruvda ayblamoqda.

"Agar davlat ularga pul bersa, layoqatsizlikni rag'batlantirayotgan bo'lamiz," deydi Missuri shtatidan respublikachi senator Kris Bond.

Bugun Senat Bank qo'mitasi ushbu masalani muhokama qilgan. Tinglovda Ford, Kraysler va Jeneral Motorz kabi yirik kompaniya rahbarlari hisobot bergan.

Shu hafta Senat iqtisodiy yordam dasturi bo'yicha ovoz beradi, ammo unda avtosanoatga kredit bo'ladimi, yo'qmi, hozircha noma'lum.

O'tgan yakshanba kuni senatorlik lavozimini topshirgan Barak Obama iqtisodiy dastur Kongressda qabul qilinadi degan umidda. Aks holda, deydi u, 20 yanvar kuni rasman prezidentlikka kirgach, birinchi navbatda ana shu masala bilan shug'ullanadi.

"Vashington Tayms" gazetasiga ko'ra, prezidentlikka saylangan Barak Obama AQShdagi iqtisodiy vaziyatni Buyuk Depressiyaga qiyoslab, uning hukumati muammolarni bartaraf etish uchun barcha choralarni qo'llaydi degan.

"Amerika o'tgan asrning 30-yillaridagi tanazzulga o'xshash vaziyatga tushgan bo'lsada, uni yaxshilash usullari boshqacha bo'ladi," deydi Barak Obama.

Uning nazarida zamona va hozirgi vaqtga to'g'ri keladigan choralarni o'ylab topish kerak. Iqtisodiyotni jonlantirish uchun aholiga qo'shimcha moliyaviy yordam berish ko'zda tutilgan.

"Nima qilib bo'lsa ham iqtisodiyotni yurgizish kerak. Buning oqibatida vujudga keladigan byudjet kamomadi haqida o'ylamaslik lozim. Eng muhimi - inqirozning chuqurlashishiga yo'l qo'ymaslik," deydi yangi prezident.

Yana bir gazeta "Vashington Post"ga ko'ra, Obama moliyaviy inqirozdan chiqish choralari borasida Moliya vaziri Genri Polson sa'yi-harakatlarini olqishlagan.

Polson taklif qilgan 700 milliard dollarlik reja kutilganidek ish bermayotgan bo'lsa-da, Obama nazarida ushbu reja bo'lmaganida ahvol bundanda chatoqroq bo'lardi.

"Vazir Polson qo'llayotgan barcha chora ish bermagan bo'lsada, harakatini susaytirgani yo'q. Iqtisodiyotni jonlantirish uchun sarmoyadorlarning moliyaviy bozorga ishonchini tiklash kerak," deydi Obama.

AQShda odamlar qarzlarini to'lay olmay, uylari bank tomonidan olib qo'yilish hollari ko'payar ekan, Obama ko'chmas mulk musodarasi muddatini uzaytirishni taklif qilmoqda.

O'tgan shanba kuni sanoatlashgan 20 davlat rahbarlari Vashingtonda yig'ilib, global tanazzulga qarshi choralarni muhokama qilgan.

Anjuman mezboni prezident Jorj Bushning aytishicha, ishtirokchilar moliyaviy tizimlarini 21-asr talablariga moslashtirishga va bu borada umumiy tamoyillarni ishlab chiqishga kelishib olgan.

20 davlat rahbarlari shuningdek moliya vazirlariga umumiy reja ishlab chiqib, uni 2009 yil aprelidagi uchrashuvda taqdim etishga ko'rsatma beradi.

Ungacha Barak Obama AQSh prezidenti sifatida lavozimiga to'liq kirishadi. Obamaning o'zi Vashingtondagi anjumanda ishtirok etmagan.

XS
SM
MD
LG