Breaking News

Hindistonda Tibet ozodlik harakatining kelajagi muhokamada


Hindistonning Dxaramsala shahrida jahonning turli burchaklaridan 500 dan ziyod tibetlik siyosiy faollar to'planib bir haftadan beri Tibet kelajagi bo'yicha munozara qilmoqda. Anjumanda Tibet diniy rahnamosi Dalay Lama ishtirok etmayapti. Ma'lumki, u Tibetga Xitoy tarkibida kengroq muxtoriyat berilishini istaydi. Xitoy bilan muzokaralar hozircha natija bermayapti.

AQShda chiqadigan "Taym" jurnaliga ko'ra, anjumanga to'plangan tibetliklarning bir qismi Xitoy hukumati bilan muzokarani davom ettirish tarafdori bo'lsa, yosh faollar Tibetga to'liq mustaqillik berilishiga chaqirmoqda, ammo Xitoy bu hech qachon bo'lmaydi demoqda.

Kanadada faoliyat yuritayotgan tibetlik olim Tsering Shakyaning aytishicha, bu masala bo'yicha tibetliklar bo'linib qolgan, ahillik yetishmayapti.

Yana bir olim, Kolumbiya universiteti professori Robbi Barnett ta'biricha, anjumanda xorijda yashayotgan tibetliklar to'plangan xolos. Chetda jami 130 mingga yaqin tibetlik yashaydi. Xitoy tarkibidagi muxtoriyatning o'zida esa besh yarim million aholi bor.

Anjuman Dalay Lama tomonidan chaqirilgan bo'lsada, uning o'zi unda qatnashmasdan xolis bo'lib ko'rinishga harakat qilyapti. Chunki ba'zi doiralar uni Tibet kelajagi bo'yicha ochiq muloqot olib borishga imkoniyat bermayapti deb tanqid qilgan.

Yoshlar Dalay Lamaning Xitoy bilan murosa qilish siyosatini tanqid qilib, keskin choralarga va hattoki kuch ishlatishga ham da'vat etmoqda. Surgundagi parlament so'zlovchisi Karma Chofel Dalay Lama siyosati shu paytgacha biron natija bermadi deydi.

"Ammo zo'ravonliklarga qarshimiz. Anjumandan maqsad - Tibet masalasini hal qilishning o'zgacha choralar topish," deydi Chofel.

"Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, yig'ilishda Dalay Lama vorisi masalasi va yosh tibetliklarni siyosiy jarayonlarga jalb qilish yo'llari ham ko'tariladi.

Tibetning siyosiy faollari Xitoyda erkin faoliyat yurita olmasligi bois, muxtoriyatning mustaqil hukumati Hindistonning Dxaramsala shahrida joylashgan.

Agar anjuman ishtirokchilari Dalay Lamaning murosa yo'lini inkor etib, to'liq mustaqillikka erishish yo'lini tanlasa, Xitoy muzokaralardan chiqib Tibet aholisini yanada ta'qib ostiga olishi mumkin, deb yozadi "Nyu-York Tayms".

Xitoy hukumatining aytishicha, uning Tibet masalasi bo'yicha siyosati o'zgarmaydi.

"Tibetni Xitoydan ajratishga qaratilgan har bir harakat muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Tibetning surgundagi hukumatini jahondagi hech bir mamlakat tan olmaydi," deydi tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi.

Tibet 1949 yildan beri Xitoy tarkibiga kiradi.

XS
SM
MD
LG