Demokratlar: Respublikachi qonunchilar bilan hamkorlikka tayyormiz


Kongressdagi demokrat qonunchilar mamlakatdagi iqtisodiy muammolarni hal qilishda raqib partiya vakillari bilan hamkorlikda ishlashga va'da bermoqda.

Vakillar Palatasi spikerligiga qayta saylangan Nensi Pelosining aytishicha, xalq aksariyati demokratlardan iborat Kongress va yangi prezident Barak Obamaga umid bilan qaramoqda.

Pelosiga ko'ra demokratlarning yangi strategiyasi muxolifat bilan birga ishlashdan iborat.

Vakillar Palatasida ko'pchilik sardori Steni Xoyer ta'biricha, Amerikada o'zgarishlar bo'lishi uchun palata Senat va prezident bilan ishlashga tayyor.

Kecha Senat mamlakat yuzlashayotgan moliyaviy muammolar borasida tinglov o'tkazib, hukumatdan 25 milliard dollar yordam pulini olishga umid qilayotgan General Motors, Ford va Chrysler kabi yirik avtomobilsozlik kompaniyalari rahbarlarini savolga tutgan.

Demokratlar ularning ahvolini yaxshilash uchun pul berish kerak desa, Bush ma'muriyati va respublikachilar avtosanoat muvaffaqiyatsizliklarida moliyaviy bozordagi muammolar emas, balki kompaniyalar rahbariyatining layoqatsizligi sabab bo'lgan deydi.

Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosi nazarida ularga moddiy yordam berish kerak, ammo avtomobil kompaniyalari sanoatni rivojlantirish rejasini tuzib mart oyigacha taqdim etishi zarur.

Uchchala kompaniya rahbarlari bugun Vakillar Palatasidagi tinglovda ham ishtirok etadi. Ertaga esa mazkur masala Senatda ovozga qo'yiladi.

XS
SM
MD
LG