Breaking News

Yonilg'iga tashna Yevropa Markaziy Osiyoni ko'z ostiga olmoqda


Yaqinda Ozarbayjonda Markaziy Osiyo energiya manbalari eksportiga doir anjuman o’tgan edi.

Qatnashchilar maxsus deklaratsiya imzolagan. Sharhlovchilar fikricha, bunday tashabbuslar mintaqa imkoniyatlarini kengaytiradi.

Yaqinda Yevrokomissiya Qozog’iston va Turkmaniston gazini eksport qilish bo’yicha yangi konsorsium tuzish loyihasini ma’qulladi.

Bu konsorsium ahamiyati shundaki, mintaqa energoresurslari eksporti Rossiyani chetlagan holda amalga oshiriladi.

Yevropa Ittifoqi buni energetika ta`minotida faqat Rossiyaga bog’lanib qolmaslik uchun qilayotgan bo`lsa, mintaqa davlatlari uchun bu energoresurslarga yangi xaridor topish deganidir.

“Mintaqaning energoresurslar bo`yicha jug`rofiy holati og`ir, dunyo bilan faqat Rossiya orqali aloqa qilishi mumkin. Iqtisodni rivojlantiramiz desak Rossiyadan tashqari yo`llar kerak. Kavkaz koridori deyiladi, biz shu orqali Yevropa bilan bog’lanishimiz mumkin, lekin bunga Rossiya qarshi. Sababi - agar bu amalga oshsa, Rossiya monopoliyasiga chek qo`yiladi”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

Sharhlovchining aytishicha, mintaqa energiyasini diversifikasiya qilish tashabbusi kuchayishida Rossiya-Gruziya urushining ham ahamiyati bor.

“Rossiya Kavkaz koridoriga qarshi, chunki bu yo`l orqali sotilayotgan energoresurslar Rossiyaga nisbatan qimmat bo`ladi. Biz uchun, albatta, turli yo`nalishlar kerak. Gruziyadan keyin ko`p davlatlar Rossiya siyosatini tushunib qoldi”, - deydi Iskandar Xudoyberganov.

Yevropa Ittifoqi, asosan, Turkmaniston va Qozog`iston gaziga qiziqish bildirmoqda, O`zbekistonning gaz eksporti borasidagi imkoniyati Rossiya bilan chegaralangan.

Mintaqa gazi transportirovkasi hozirgacha faqat “Gazprom” qo’lida. “Markaziy- O`rta Osiyo” nomi bilan ma`lum gaz quvurlaridan boshqa yo`nalish yo`q.

Yevropa ilgari surayotgan diversifikasiya yo`li Kaspiy dengizi orqali Kavkaz va Turkiya orqali Yevropaga chiqishni nazarda tutadi.

Bu loyihada O’zbekiston ishtiroki qanchalik bo’lishi mavhum.

Odatda, energoresurslar bilan savdo qilish yo’llarini oshirishni muhokama qilmaydigan rasmiy Toshkent yaqindan beri bu borada o`zgarishlar qila boshlagan.

Bolgariya rahbariyati bilan bo`lgan uchrashuvda O`zbekiston prezidenti Islom Karimov mamlakatning energoresurslar imkoniyati hozirgidan kuchliroq ekani, eksport salohiyatini oshirish zarurati haqida gapirdi.

Sharhlovchi Komron Aliyev O`zbekiston nazarida:

“Ozbekiston yiliga 50-60 milliardga yaqin gaz qazib chiqaradi, shundan 40 milliardi ichki ehtiyojlarga sarflansa, qolgani, asosan, Rossiyaga sotiladi. Bu borada eksport imkoniyati unchalik katta emas”, - deydi Aliyev.

O`zbekiston gaz zaxirasi bo`yicha mintaqada Turkmanistondan keyin ikkinchi o`rinda turadi.

Shu yil Xitoy bilan hamkorlikda yangi transport quvurlarini yotqizish loyihasi boshlandi. Turkmaniston va Xitoy o`rtasida tuzilgan bitimga ko`ra, gaz quvurlari O`zbekiston va Qozog`istondan o`tadi.

Mintaqa gazini ancha yillardan buyon arzon narxda olib kelayotgan “Gazprom” 2009 yilda o`zgarish kiritib, mintaqa gazini Yevropa bahosida sotib olishga rozi bo’ldi.

Sharhlovchilar fikricha, energoresurslar qancha ko’p yo’nalishda sotilsa, mintaqa davlatlarida tanlash, savdolashish imkoniyati bo’ladi, geosiyosiy ziddiyatlar barham topadi.

XS
SM
MD
LG