Kongressda AQSh-Iroq bitimi muhokama qilinmoqda


AQSh va Iroq o'rtasida imzolangan harbiy bitim nafaqat Iroq qonunchilari, balki AQSh Kongressida ham muhokama qilinmoqda. Kecha Davlat kotibi Kondoliza Rays va Mudofaa vaziri Robert Geyts hujjat bo'yicha qonunchilar savollariga javob bergan.

Tinglov yopiq eshiklar ortida o'tgan. Rays va Geyts tinglovdan so'ng muxbirlar bilan muloqot qilmagan. Bir necha oy davomida olib borilgan muzokaralar natijasida imzolangan bitimga ko'ra, AQSh 2011 yil oxirigacha qo'shinlarini Iroqdan olib chiqishi kerak. Jarayon kelasi yil iyulida boshlanadi.

AQSh qonunchilari Bush ma'muriyati bitim bo'yicha ular bilan maslahatlashmaganini tanqid qilmoqda.

Kaliforniya universiteti professori, huquqshunos Una Xetaveyning aytishicha, bitimning ba'zi joylarida prezident konstitutsion vakolatlarini oshirgan.

Ulardan biri AQSh kuchlarining jangovar operatsiyalarini nazorat etuvchi qo'shma AQSh-Iroq muvofiqlashtiruvchi qo'mitasining tuzilishi.

"Bunday masalalarni prezident Kongress ruxsatini olmasdan turib hal qila olmaydi," deydi tahlilchi.

Yaqin Sharq bo'yicha mutaxassis Rayod Jarrarga ko'ra bitim Iroq qonunchilari noroziligiga ham sabab bo'lmoqda.

"Ayrimlar nazarida bitimning imzolanishi parlamentda ko'p nizolarga va qonunchilarning tarqoqlashishiga olib keladi. Bu esa o'z navbatida mamlakat xavfsizligiga rahna solishi mumkin," deydi Jarrar.

Iroq parlamenti bitimga 24 noyabr kuni ovoz beradi. Agar tasdiqlamasa, u holda AQSh Kongressi hujjatni yangi prezident Barak Obama bilan qayta ishlashi mumkin bo'ladi.

Iroq Tashqi ishlar vaziri Hushyor Zeboriy parlamentda hujjatga nisbatan katta qarshilik bo'lmaydi deydi. Bunga bir sabab parlamentda Bosh vazir Nuri al-Malikiy tarafdorlari ko'pchilikni tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG