Past iqtisodiy ko'rsatkichlar birjaga ta'sir qilmoqda


Jahon iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan keshirishda davom etarkan, AQSh ham bundan mustasno emas. Hukumat ma'lumotiga ko'ra, xarid qilish hajmi tushgan, kamroq uylar qurilmoqda, avtosanoat davlatdan yordam kutmoqda. Aksiyalar bozori sustligicha qolmoqda.

AQSh Mehnat vazirligi hisobotiga ko'ra, mamlakat bo'ylab qurilgan uylar soni 1959 yildan buyon eng past darajaga tushgan. Bu kabi iqtisodiy xabarlar bevosita birjadagi ahvolga ta'sir qiladi. Dou-Jouns ko'rsatkichi 2003 yildan beri ilk bor 8 ming punktga qadrsizlangan.

AQShning uchta yirik avtomobilsozlik kompaniyasi hukumatdan 25 milliard dollar yordam so'ramoqda.

Jeneral Motorz rahbari Richard Vagonerga ko'ra, sanoat jar yoqasida turibdi.

"Moliyaviy inqiroz bizni ham chetlab o'tgani yo'q. Kredit liniyalarining qisqarishi odamlarning mashina sotib olish salohiyatini pasaytirdi, natijada savdo hajmi Ikkinchi jahon urushi davri darajasigacha tushdi."

Agar uchta kompaniyadan bittasi yopilib ketsa ham oqibatlari yomon bo'ladi, millionlab odamlar ishsiz qoladi, deydi sanoat vakillari.

Demokratlar ularning ahvolini yaxshilash uchun pul berish kerak desa, Bush ma'muriyati va respublikachilar avtosanoat muvaffaqiyatsizliklarida moliyaviy bozordagi muammolar emas, balki kompaniyalar rahbariyatining layoqatsizligi sabab bo'lgan deydi.

Respublikachi congressmen Spenser Bakus nazarida hukumat krediti muammoning negiziga ta'sir qilmaydi.

"Kompaniyalar samarali va raqobatbardosh bo'lishi uchun ish uslubini o'zgartirishi kerak," deydi qonunchi.

Yangi saylangan rahbar Barak Obama lavozimiga kirishishi bilan avtosanoat yuzlashayotgan muammolar bilan shug'ullanishini aytgan.

XS
SM
MD
LG