Solijon Abdurahmonov ishi qayta ko'rildi, ammo hukm o'zgarmadi


Qoraqalpog’iston Oliy Sudi giyohvand moddalar savdosida ayblanib, 10 yilga qamalgan mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov ishini apellyatsiya tartibida ko`rib chiqqan va hukmni o`zgarishsiz qoldirgan.

“PEN” xalqaro yozuvchilar uyushmasi O`zbekiston prezidentiga murojaatnoma yo’llab, Islom Karimovdan panjara ortidagi yozuvchilarni, xususan, Solijon Abdurahmonovni ozod etishni so’ragan edi.

Maktubda salkam 10 yildan buyon qamoqda saqlanayotgan Mamadali Mahmudov, Muhammad Bekjon kabi yozuvchilar, shoir Yusuf Juma ham bor.

Solijon Abdurahmonovning ukasi Bahrom Abdurahmonov so’zlariga ko`ra, akasi Qoraqalpog`istondagi vaziyat haqida ochiq tanqidiy fikr bildirgan jurnalistlardan biri edi.

“Ochig`i, shuning uchun akamni ana shu og’ir jazoga loyiq ko`rishdi, chunki giyohvand moddalar bilan ayblab hibsga olingani zahoti uning kompyuteridagi jurnalistik materiallar musodara qilindi”, - deydi Bahrom Abdurahmonov.

Hokimiyat vakilini haqorat qilishda ayblanib, 5 yilga hukm qilingan shoir Yusuf Juma ayni paytda “Jasliq” qamoqxonasida saqlanmoqda.

Shoirning yaqinlari berayotgan ma’lumotga ko`ra, Yusuf Juma doimiy qiynoqlar ostida.

“Dadamning sog`liqlaridan judayam tashvishdamiz”, - deydi shoirning qizi Feruza.

O`zbekiston prezidenti Islom Karimov iste’fosini so`rab o`tkazgan norozilik aksiyasidan so`ng Yusuf Juma va uning oilasi huquq-tartibot organlarining keskin tazyig’iga uchragan edi.

Fermerlik bilan shug’ullangan shoirga qarashli yerlar ham musodara qilingani xabar qilinadi. Shoirning oila a’zolari esa mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’lgan.

Salkam o`n yildan buyon qamoqda saqlanayotgan yozuvchilar Mamadali Madmudov va Muhammad Bekjonlarning salomatligi yomonlashgani ta’kidlanadi.

Mamadali Mahmudov O`zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar ommaviy ravishda qo`llanishi haqida jamoatchilikka birinchilardan bo'lib xabar bergan yozuvchilardan.

Yozuvchining turmush o’rtog’i Gulsara Mahmudova deydiki: “Qancha amnistiya o`tdi, hammasidan chetda qoldi u kishi. Qonun hammaga baravar bo`lishi kerak. Sog’liqlari juda yomon, dorilarni yetkazib turamiz. Har borganda salomatliklaridan tashvish bildiradi”.

Mamadali Mahmudov qamoqda ham ijodni davom ettirgan.

U tutqinda yozgan “Muqanna” romani nazoratchilar tomonidan olib qo`yilgan.

Bu roman taqdiri bilan hozir qamoq jazosiga hukm qilingan inson huquqlari himoyachisi A'zam Turg'unov shug`ullangan edi.

“Muhammad Bekjonning xotini eri bilan ko`rishgandan keyin Toshkentga kelgan edi. U bilan birga Qizil Xoch jamiyatiga bordik. Bor narsani gapirib berdik. Muhammad Bekjon qamoqda juda qattiq azoblangan”, - degan edi A`zam Turg`unov.

O`tgan oy muxolifatdagi “Erk” partiyasi a`zosi va “Mazlum” inson huquqlari tashkiloti rahbari bo'lgan bu inson ham pora talab qilishda ayblanib, 10 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.

XS
SM
MD
LG