Barak Obama Rossiya bilan qanday murosa qiladi?


AQShning yangi prezidenti Barak Obama lavozimiga kirishganda ichki va tashqi siyosatga doir qator masalalarga ro’baro’ keladi.

Jumladan Rossiya bilan keskin tus olgan aloqalar qayta ko’rib chiqiladi.

O’rtada jiddiy qarama-qarshilikka sabab bo’layotgan masala AQShning Yevropada mudofaa sistemalarini o’rnatish niyatida sobit qolayotganidir.

Mutaxassislardan Oq uy-Kreml aloqalari haqida so’rasangiz turlicha ta’rif berishadi – salbiy, sovuq, eng past darajada, o’rtada ishonch yo’qolgan. Yil boshida Dmitriy Medvedevning prezidentlikka saylangani ham vaziyatni o’zgartira olmadi.

Bunda har ikki tomonni ayblash mumkin. Muhlati tugayotgan prezident Jorj Bush davrida qabul qilingan ayrim qarorlarni Kreml xudbin siyosat mahsuli deb tanqid ostiga olib keladi. Avgust oyida Rossiyaning Gruziyaga harbiy yurishi oqibatida esa aloqalar tamoman izdan chiqdi.

Garvard Universiteti olimi Marshal Goldman izohicha so’nggi yillarda Rossiya neftdan tushgan daromad hisobiga o’zini iqtisodiy jihatdan ancha tiklab olgan.

“Natijada Rossiya o’ziga raqib deb bilgan davlatlardan xalqaro sahnada u bilan hisoblashishni talab qila boshladi. Ana shunday siyosiy-iqtisodiy manzaradan kelib chiqib, manfaat-qarashlar AQSh bilan to’qnash kelgani tabiiy hol”, - deydi Goldman.

Avgust oyida Rossiyaning AQShning yaqin ittifoqchisi Gruziyani bosib olgani olovga moy sepgandek bo’ldi. Prezident Bush ta’biricha yosh, suveren, demokratik davlatlarni qo’rqitib, bosib olishga qaratilgan tashqi siyosat XXI asrga to’g’ri kelmaydi.

Rossiyaning javobi shuki, Gruziyani birinchi navbatda AQShning o’zi qurollantirgan. Ikkinchidan, deydi bosh vazir Vladimir Putin, Iroqqa bostirib kirib, Saddam Husaynni dorga ostirgan Amerika boshqalarga aql o’rgata olmaydi.

Tahlilchilar nazarida AQSh Polsha va Chexiyada raketa va radar tizimlari o’rnatish rejasida qat’iy ekan, tortishuvlar davom etaveradi. Bu sistemalar, deydi Vashington rasmiylari, Erondan himoya vositasidir. Lekin Kremlni bunga ishontirib bo’lmayapti.

Tahlilchi Robert Legvoldning tushuntirishicha, “AQShning Yevropadagi 5-10 ta raketasi Rossiya xavfsizligiga tahdid solishi amrimahol. Buni Kreml ham yaxshi biladi. Amerikaning asl maqsadi, deydi ruslar, dunyoning turli nuqtalarida, jumladan Osiyoda mudofaa sistemalari qurib, strategik ustunlikni qo’lga kiritish va shu orqali Rossiyaning imkoniyatlarini cheklashdir”.

Xavfsizlik masalalarida, deydi prezident Dmitriy Medvedev, Rossiya hech kim bilan murosa qilmaydi. Saylovlarda Barak Obama g’alabasidan bir necha soat o’tar-o’tmas, Medvedev Kaliningrad shahrida Iskandar rusumidagi raketalar joylashtirilishi haqida e’lon qilgan.

Siyosatshunos Jeyson Layl nazarida Medvedev AQSh yangi prezidenti hali ishga kirishmasdanoq unga o’rtadagi muammolarni eslatib qo’ymoqda.

“Amerikada ikki yil davom etgan saylov kampaniyasi chog’ida Rossiya Iroq va Afg’onistonchalik tez-tez tilga olingani yo’q. Medvedev Rossiyaning AQSh bilan teppa-teng, qudratli davlat sifatida qabul qilinishini istaydi”.

Yevropashunos olim Vilyam Drozdiak nazarida Dmitriy Medvedev AQShga diplomatik nuqtai nazardan noo’rin bir mahalda ogohlantirish beryapti. Uning aytishicha, “AQSh rahbari – xoh demokrat, xoh respublikachi bo’lsin – agressiv bayonotga xuddi shunday ohangda javob qaytarishi mumkin”.

Barak Obamaning maslahatchilariga ko’ra u Yevropada mudofaa tizimini o’rnatish rejasidan qaytmaydi, ammo avvalo ushbu texnologiya ishonchli ekani isbotlanishi zarur. Shu bilan birga Obama dunyoni yadro qurollaridan tozalash uchun Rossiya bilan hamkorlik qilishini aytgan.

Yaqinda iqtisodiy sammitda ishtirok etish uchun Vashingtonga tashrif buyurgan Dmitriy Medvedev AQSh bilan aloqalar yaxshilanishiga umid bildirgan. Biroq mudofaa masalasida Amerikaga yon bermoqchi emas.

XS
SM
MD
LG