Breaking News

Qo'shma Shtatlar Liviyaga elchi tayinlamoqda


Qo’shma Shtatlar Liviya bilan diplomatik munosabatlarni tiklar ekan, so’nggi 36 yil mobaynida ilk bor Tripoliga o’z elchisini tayinlamoqda. AQSh Senati bu lavozimga tajribali diplomat Jin Kretz nomzodini ma’qullagan.

Arab dunyosida Vashington Tripoli bilan aloqani tiklayotganiga nisbatan munosabat turlicha. Arab Ligasi rasmiysi Hisham Yusuf buni ijobiy o’zgarish deb olqishlagan, biroq yangi prezident Barak Obamadan tashqi siyosatda katta o’zgarishlar kutyapmiz deydi.

Musulmon jamiyatlarining aksariyatida AQShga qarshi kayfiyat kuzatiladi. Ko’p davlatlarda terrorga qarshi urush islom diniga qarshi harakat deb talqin qilinadi. Obama islom dunyosi bilan aloqalarni yaxshilashni bosh maqsad deb belgilashi lozim, deydi tahlilchilar.

Bayrutlik jurnalist Rami Xuri fikricha, AQSh Liviya bilan diplomatik aloqa o’rnatib ikkiyuzlama siyosatini davom ettiryapti.

“Liviya yadroviy inshootlarini xalqaro kuzatuvchilarga ochib bergani, yadro qurolini tarqatmaslik to’g’risidagi hujjatlarni imzolagani rost, lekin avtokratik davlat bo’lib qolmoqda. AQSh Liviya kabi diktatura hukmron davlatlar bilan bemalol savdo qilib, neft shartnomalari imzolayapti”, - deydi jurnalist.

Bush ma’muriyati so’nggi yillarda Liviyaga qo’yilgan sanksiyalarni ham bekor qilgan. Amerikalik tadbirkorlarga bu mamlakatda ishlashga ruxsat berilgan.

XS
SM
MD
LG