Amerikaning yashash uchun xavfsiz va qulay maskanlari


Qo’shma Shtatlar bir qarashda sehrli diyordek tuyulsa-da, bu mamlakatda kun ko’rish oson emas.

Amerikaga kelmoqchi bo’lsangiz, masalan, avvalo chet elga chiqib turadigan tanishlardan maslahat so’rang.

Begona jamiyatga kelib o’rnashish uchun dastlab o’sha yerning toshu-tarozisini o’rganib chiqish kerak, jumladan qayer xavfsiz va arzon ekanini.

AQSH ikki tarafi okean bilan o’rgalgan bepoyon mamlakat, tabiiy ofatlar tez tez kuzatiladi. Gavay, Aydaxo, Nyu-Meksiko, Vashington va Oregon shtatlari bu masalada ancha bexatar.

Texas, Florida va Kaliforniya shtatlari esa yong’in, to’fon, zilzila va toshqinlar bilan yuzlashayotgan mintaqalar.

Shu bois bu shtatlar aholisi uy-joy va mulkini har doim sug’urta qilib qo’yadi. Biror kor-hol bo’lsa, sug’urta kompaniyasi zararni qoplaydi.

O’zbekistonlik suhbatdoshimiz Floridaning Ki Vest orolida yashaydi.

“Uraganlarning sezoni bo’ladi – 1 iyundan 30 noyabrgacha. 5 yildan beri yashayotgan bo’lsam, mavsumdan tashqari paytda biror dovul, ofatni kuzatmaganman. Shu payt ichida bu yerga odamlar kelmay qo’yishi mumkin. Umuman, odamlarga kamida 1 hafta oldin aytiladi, dovul yaqinlashayapti, hududdan ketinglar, deyiladi. 2-3 kun qolganda, evkuatsiya boshlanadi. Birinchi galda, albatta, turistlarni ko’chirishadi. Lekin ko’p odamlar dovul 3-kategoriyaga chiqqanida ham ketmaydi.”

AQShda dovullar 5 toifaga bo’linadi. To’fon kuchaygani sari raqami ham ortadi. Demak, 1-toifadagi to’fon eng zaif, 5-toifadagi to’fon eng kuchli sanaladi. Misol uchun, taxminan, 1900 kishini hayotdan olib ketgan Katrina dovuli 5 toifaga kiritilgan.

Ulughbek Boymurodov Kaliforniya shtatida, Stenford Universitetida o’qiydi. Yong’in bu shtatda eng ko’p tilga olinadigan tabiiy ofatlardan.

“AQShda birinchi kelgan joyim Aydaxo shtati edi. Internet kirib, tekshirib ko’rdim. Sovuq joylardan, okeandan uzoq ekaniga guvoh bo’ldim. Hozir Kaliforniya shtati, Stenford shahrida yashayman. Umuman, qo’rqishga hojat yo’q, deb hisoblayman. Albatta, ba’zi joylarda o’rmonlar yonib turadi. Lekin tabiiy ofatga qarshi kurashish uchun texnika, odam bor. Rasmiylar aholi xavfsizligini ta’minlab qo’ygan.”

Mana bu suhbatdoshimiz esa o’z yashayotgan joyini osoyishta va arzon deya tasvirlaydi.

“Men hozir Shimoliy Karolina shtatida yashayman. AQSh fuqarosiga turmushga chiqib, hozir uning oilasida yashayapman. Chekka shtat bo’lgani uchun narx-navo baland emas. Lekin markazlarda, yirik shaharlarda imkoniyat ko’proq. Odam yo’lini topib ketishi osonroq. Yana bir tomoni, chekka shaharlarda mashinangiz bo’lmasa, biror joyga bora olmaysiz. Katta shaharlarda esa jamoat transporti umuman muammo emas.”

Har yerda bo’lganidek, kichik shaharlar nisbatan arzon, lekin katta shaharlarda ish topish oson kechadi, xususan muhojirlar uchun.

“Florida arzon shtat emas. Lekin ish topish osonroq, boshqa shtatlarda qaraganda. Maoshi ham kattaroq. Nima uchun? Bu aylanib yana turizmga borib taqaladi. Shtat issiq havosi, manzarali joylari bilan farq qilib turgani uchun turistlar ko’p keladi. Gohida til bilish ham kerakmas. Xonalarni tozalab (farroshlik qilib), kun ko’rsa bo’ladi”, - deydi suhbatdoshimiz.

Yirik shaharlarda muhojirlar uchun vatandoshlarni topish ham osonroq kechadi.

Hozir Qo’shma Shtatlarda taxminan 38 million muhojir yashaydi. Immigratsiya masalalari bo’yicha markaz hisobicha, aksariyati Kaliforniya, Florida, Texas, Nyu-York, Nyu-Jersi, Illinoys, Arizona, Virjiniya, Merilend, Vashington, Jorjiya, Shimoliy Karolina va Pensilvaniya shtatlarida.

Ular, asosan, qurilish, restoran va maishiy xizmatlar ko’rsatuvchi tashkilotlarda ishlaydi.

Muhojirlarning o’rtacha yoshi 29 da.

Ko’pchilik meksikalik va Lotin Amerikasining boshqa qismlaridan. Shuningdek, ko’plab osiyoliklarni ham uchratasiz.

O’zbekistonlik taqriban bir necha mingni tashkil etadi, ammo buni rasman tasdiqlovchi ma’lumotlar yo’q.

XS
SM
MD
LG