Xalq ishonchini oqlash uchun ter to'kishga to'g'ri keladi


AQShning 44-prezidenti Barak Obama global iqtisodiy bo’hron hamda AQSh ikki urushni olib borayotgan bir pallada lavozimiga kirishadi.

Saylov kampaniyasida katta va’dalar bergan Obamadan nafaqat amerikaliklar, balki butun dunyo buyuk o’zgarishlar kutmoqda.

Illinoyslik demokrat senatorning raqibi Jon Makkeyn ustidan ishonchli g’alabasi millionlab odamlarga misli ko’rilmagan ko’tarinki kayfiyat bag’ishladi. Kelajakka umid uyg’otdi.

Obamaning g’alabasi va unga bildirilgan ishonch, tabiiyki, yangi prezidentga katta mas’uliyat yuklaydi. Shuning uchun bo’lsa kerak, saylovdan bir necha kun o’tar-o’tmay Obama mamlakat oldidagi muammolar omma kutganidek tez hal bo’lmasligini eslatib qo’ydi.

“Inqirozdan chiqib olish uzoq va murakkab jarayon. Uni yengish uchun xafsala, sabr-bardosh bilan ishlab, izlanib, qiyinchiliklar dosh berishga to’g’ri keladi. Ammo Amerika xalqi siyosat va tarafkashlikni chetga surib, bir tanu bir jon bo’lib harakat qilsa, mamlakat albatta oyoqqa turib oladi”, - deydi Obama.

Biroq tarafdorlar fikricha Obamaning Oq uyga saylanishi bilan yangi davr boshlangani hamda Vashingtonda yangi siyosiy muhit qaror topishiga shubha yo’q. Xorijiy hukumatlar Obama davrida AQShning tashqi siyosati ijobiy tomonga o’zgaradi deb ishonadi.

Siyosatshunos olim Robert Gutmanning aytishicha, “Obamaga katta umidlar bog’langan, vaholanki u hali ishga kirishgani ham yo’q. Ikki urush, iqtisodiy tanglik, kredit bozoridagi ag’dar-to’ntar … hozirdan Obama nega bu muammolarni hal qilishga kirishmayapti deb so’raydiganlar topiladi”.

Tahlilchi Norman Ornshteyn fikricha dunyo hamjamiyati Obama prezidentligidan qanchalik ilhomlangan bo’lmasin, siyosiy-iqtisodiy voqelikni nazardan qochirmaslik lozim.

“Obama nima bo’lmasin Amerika manfaatlarini ustun qo’yuvchi rahbar bo’ladi. Bu manfaatlar esa har doim boshqa davlatlarniki bilan mos kelavermaydi”.

Ayni paytda Barak Obama yangi ma’muriyatini tuzish bilan band. Qasamyod marosimiga salkam ikki oy bor. Bu vaqt ichida turli siyosiy lavozimlarga 3 mingga yaqin odam tayinlanishi kutilmoqda. Ikki yil davom etgan shiddatli saylov kampaniyasi mobaynida Obama notiq, so’zga usta arbob ekanini namoyish etdi.

Prezident Bill Klinton davrida Oq uy boshqaruvchisi bo’lgan Leon Panetta prezident xalqni nafaqat ruhlantira olishi kerak deydi.

“U maqsad-vazifalarni ro’yobga chiqarish xalqdan fidoyilik talab qilishi, mamlakatni qanday qiyinchiliklar kutayotgani haqida odamlarga ro’yirost ayta olishi kerak”, - deydi Panetta.

Ayrimlar Barak Obamani AQSh Senatining o’ta liberal a’zolaridan bo’lganini qayd etsa-da, siyosatdon Stuart Rotenberg kuzatuvlariga ko’ra Obama bo’lajak ma’muriyatiga kimlarni tanlayotgani pragmatik yo’nalishdan darak bermoqda.

Obama ko’pchilik nazarida siyosiy jihatdan markazchi, mamlakat muammolarini yaxshi tushunadigan, ishning ko’zini biladigan siyosatchi bo’lib gavdalanmoqda.

XS
SM
MD
LG