Nazif Shahroniy: Afg'onistonda hukumat xalqniki bo'lsin


BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo 15 mamlakat vakillaridan iborat maxsus guruh Kobulda Afg’oniston hukumati va mahalliy xalq namoyondalari bilan uchrashib, xavfsizlik va xalqaro yordam xususida fikr almashgan.

Afg’onistonda kun sayin chigallashib borayotgan muammolarga yechim topish oson emas.

Poraxo’rlik va yulg’ichlik girdobidagi Kobul hukumati hozir Tolibon kuchlarining bosimi ostida.

Karzay, toliblar bilan muzokara qilmoqchi va kerak bo’lsa, buning uchun ular yetakchisi Mulla Umar xavfsizligini kafolatlashga tayyor.

Ba’zilar ushbu tashabbus samara berishiga umid bilan qarasa-da, AQShning Indiana Universiteti professori, afg’onistonlik o’zbek olimi Nazif Shahroniy bu fikrdan yiroq.

"Toliblar bilan muzokara qilish mumkin. Ammo muzokara nima ustida kechadi? Bu ma'lum emas. Agar hukumat toliblarga vazirliklardan sizga joy ajratamiz yoki viloyatlarda sizga o'rin beramiz deb sulh tuzsa, bu mamlakatga zinhor tinchlik olib kelmaydi",- deydi Shahroniy.

Olim nazarida Afg'onistonda davlat boshqaruv tizimini butunlay isloh qilish kerak.

Hokimiyatni yolg’iz bir guruh vakillari, ya'ni pashtunlarga topshirmasdan, deyd u, viloyat va shaharlarda aholi rahbarlarni mahalliy kadrlar orasidan tanlagani ma’qul.

"Afg'onistondagi boshqa millatlarga ham shu huquq berilsa, ya'ni ular har jihatdan o'z mahallasini o'zi yuritsin va o'z vakilini o'z saylasin. Bundan tashqari agar zarur bilsa, qo'mondonlarni ham o'zi saylasin. Qozini, hatto, o'zi saylasin. Qonun bo'yicha viloyat sho'rolari (kengashlar) bor. Saylovlarda ana shu sho'rolarga ham haq berilsin. Hozirda muammo shuki, markaziy hukumat qonunni o'zi tuzadi, o'zini tadbiq etadi va uni o'zi taftish qiladi. Bu mumkin emas. Bir organ bunday uch narsani qilishi mumkin emas. Bu yangi emas, eski tuzum. Podsholik davrida ham shu holat bor edi. Mahalliy idoralarni o'sha mahalla xalqiga topshirish kerak. Toki pashtun, turkman, o'zbek, tojik yoki nuristonlik o'z mantiqidan kelib chiqib, o'z idoralarni o'z qo'liga olsin. Aholisi aralash joylarda ham xalq boshqaruvga o'z orasidan odam saylasin. Shu bilan bu janjallardan qutulish mumkin",- deydi Shahroniy.

Ammo, deydi olim, prezident Hamid Karzay mahalliy hokimiyatlar kuchayishiga qarshi bo’lib, viloyatlarni markazdan turib boshqarishni afzal ko’radi.

"Yangi qonun tuzilgan paytda, parlament tuzumini tashkil etish maqsad qilingan edi. Buni Karzay istamadi. U qonun asosini o'zi uchun tuzatdi, ya'ni barcha vakolatlar uning qo'lida bo'lsin. Bu mamlakat va xalq uchun emas. Mamlakatimizning badbaxtligi shu yerdan boshlandi. Bu kishi hamma narsani o'z qoliga olmoqchi bo'ldi. Xalqqa haq bermadi",- deydi professor.

Hozirgi muammolarni hal qilish uchun yagona yo'l bu tuzumni o'zgartirish. Karzay bunga qarshi, deydi Shahroniy.

Nazif Shahroniy deydiki hokimiyatdan mahrum bo’lgan siyosatchilar ushbu masalani g’arb va ayniqsa, AQSh hukumatiga yetkazishi zarur.

Chunki yangi saylangan prezident Barak Obama Afg’oniston masalasiga jiddiyroq e’tibor berishini aytgan. Afg’oniston xalqi esa bu imkoniyatdan va fursatdan foydalanib qolishi zarur, deydi olim.

Afg’onistonga qo’shni mamlakatlar, jumladan O’zbekiston ham tinchlik tiklanishi yo’lida o’z hissasini qo’shishi kerak, deydi Nazif Shahroniy.

"Afg'onistonga tinchlik qaytishi hamma uchun muhim. Agar bunga erishilmasa, mamlakatda yaxshi boshqaruv yo'lga qo'yilmasa va xalq tinchlik bilan hayot kechirmasa, O'zbekiston ham tinchlik ko'rmaydi".

Qolaversa, deydi Nazif Sharoniy, Afg’onistondagi beqarorlik butun Markaziy Osiyo hayotiga raxna soladi.

XS
SM
MD
LG