Armaniston Turkiyadan chegarani ochishni so'ramoqda


Armaniston tashqi ishlar vaziri Qora Dengiz iqtisodiy hamkorlik qo'mitasi majlisida ishtirok etish uchun Istanbulga safar qilgan. Ma'lumki, Armaniston va Turkiya diplomatik aloqalarga ega emas. Tahlilchlar nazarida iqtisodiy masalalar ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalarni yaxshilash uchun bahona bo'lib xizmat qilmoqda.

Armaniston Tashqi ishlar vaziri Eduard Nalbandyan Turkiya hukumatini Armaniston bilan chegarani ochishga chaqirmoqda.

"Biz diplomatik aloqalarni hech qanday shartlarsiz tiklashga tayyormiz. Turkiya ham shunday qarorga keladi degan umiddamiz," deydi vazir.

Chegara 1993 yili Armaniston Ozarbayjonning Tog'li-Qorabog' hududini bosib olgach yopilgan edi. Armaniston qo'shinlari Qorabog'dan ketmas ekan, chegara ochilmaydi, deydi Turkiya hukumati.

Vazir Nalbandyanning aytishicha, chegaraning ochilishi ko'plab muammolarning hal etilishiga sabab bo'lar edi.

"Jahonda muammoli davlatlar talaygina va shunga qaramay ular diplomatik aloqani uzgani yo'q. Chegaralari ochiq. Bunday muhitda muloqot qilish ancha oson."

Armanistonning Turkiyani Birinchi jahon urushi davrida ko'plab armanlarni qatliom etgani haqidagi da'volari rasmiy Anqarani bezovta qilayotgan yana bir masala. Turkiya ayblovlarni inkor etib masalaga tarixchilar oydinlik kiritsin deya taklif qilmoqda. Ammo Armaniston bunga qarshi.

Anqara-Yerevan aloqalarining muzlaganidan avvalambor Armaniston iqtisodiy jihatdan zarar ko'rmoqda. Ammo shunga qaramay rasmiy Yerevan hali-beri Turkiya shartlariga ko'nmaydigan ko'rinadi.

XS
SM
MD
LG