Breaking News

Obama arab-Isroil mojarosini hal eta oladimi?


AQShdagi prezident saylovlari nafaqat Amerikada, balki butun dunyo bo'ylab katta qiziqish uyg'otgan. Va ayniqsa Yaqin Sharqda. Yangi ijtimoiy so'rovga ko'ra, arablarning katta qismi Obamaning mintaqaga nisbatan siyosati Bushnikidan keskin farq qiladi degan firkda. Ammo Yaqin Sharq bo'yicha amerikalik tahlilchilar nazarida arab-Isroil mojarosi yangi prezident kun tartibidagi eng muhim masalalardan bo'lmasligi mumkin.

Saylov kampaniyasi davomida Barak Obama uning Yaqin Sharq bo'yicha siyosati amaldagi ma'muriyatnikidan jiddiy farq qilishi haqida gapirgan edi. Ammo vashingtonlik tahlilchilar nazarida bu oson kechmaydi.

Prezident Uilson nomidagi tahlil markazi xodimi Aaron Deyvid Miller oltita davlat kotibi qo'lida Yaqin Sharq bo'yicha maslahatchi va muzokarachi bo'lgan. Uning aytishicha, Obama avval AQShning mintaqadagi obro'sini tiklashi zarur.

"Bill Klinton davrida 8 yil tinchlikparvarlikni, Jorj Bush davrida esa urushni eplay olmadik. Obro'miz shu qadar tushib ketdiki, hech kim bizga havas bilan qaragani ham, bizdan qo'rqqani ham, bizni hurmat qilgani ham yo'q. Mintaqadagi manfaatlarimiz bilan hech kim hisoblashmayapti," deydi Miller.

Uning aytishicha, Barak Obama avval boshqa muammolar bilan shug'ullanishi kerak bo'ladi. Xususan va'dasining ustidan chiqib, qo'shinlarni Iroqdan olib chiqishi yoki yadro salohiyati oshib borayotgan Eronga nisbatan siyosat o'ylashi. Miller nazarida arab-Isroil mojarosiga juda ham ehtiyotkorlik bilan yondashgan ma'qul.

"Tashqi siyosatda tajribasi yo'q yangi prezident ishini xatodan boshlashni istamaydi albatta. Bu masalada muvaffaqiyatga erishish uchun Isroil-Suriya aloqalari, Xamas, Hizbulloh va Eron masalalaridan boshlash kerak," deydi tahlilchi.

Prezident Obama mamlakat ichidagi siyosiy kuchlar xayrihohligiga erishmasdan turib muvaffaqiyat qozona olmaydi, deydi u.

Yaqin Sharq bo'yicha yana bir mutaxassis, Davlat departamentining sobiq tahlilchisi Grem Bannermanning aytishicha, Obama Isroil va arab davlatlari o'rtasida tinchlikning qaror topishi AQSh manfaatlariga javob beradi deb Kongress va Amerika xalqini ishontira olishi kerak.

"Agar AQSh prezidenti masala milliy manfaatlarga javob berishini isbotlay olsa, tashqi siyosatda ko'p yutuqlarga erishishi mumkin. Davlat manfaatlariga javob beruvchi masala bo'yicha hech kim prezidentga e'tiroz bildira olmaydi," deydi Bannerman.

Isroilni qo'llab-quvvatlovchi lobbichi guruh sobiq xodimi Richard Straus fikricha, agar Isroilning yangi bosh vaziri tinchlik tashabbusida AQSh ishtirokini istab Obama ma'muriyatiga murojaat qilsa, masala muhimroq ahamiyat kasb etadi.

"Isroil iltimosisiz va agar mintaqada biror yirik mojaro yuz bermasa, Qo'shma Shtatlar ushbu masalaga jiddiy e'tibor qaratmasligi mumkin," deydi u.

Strausning ta'kidlashicha, arab-Isroil mojorasini Obamadan oldingi 11 prezident hal qila olmagan.

XS
SM
MD
LG