Guantanamodagi o'zbek mahbus ishi amerikalik advokat qo'lida


Afg'onistonda urush boshlangach, AQSh al-Qoida yoki Tolibonga aloqador jangarilarni qo'lga olib, Guantanamodagi maxsus qamoqxonaga jo'nata boshlagan. Ammo keyinchalik ma'lum bo'lishicha, mahbuslarning barchasi ham jangarilar harakatiga aloqador bo'lmagan. Ba'zilari ozodlikka chiqarilgan, boshqalari esa adolat qaror topishini kutmoqda. Ular orasida o'zbekistonlik Oybek Jabborov ham bor. Uning ishi bilan bostonlik advokat Maykl Moun shug'ullanmoqda.

Guantanamo qamoqxonasi Kubada joylashgan. AQShning bu davlat bilan rasmiy aloqasi bo'lmasada, Qo'shma Shtatlar hududni 1903 yili doimiy ijaraga olgan. Unda AQSh harbiy-dengiz bazasi joylashgan.

2001 yilning 11 sentyabr voqealaridan so'ng AQSh va xalqaro koalitsiya Tolibonga qarshi urush qilgach, o'ta xavfli deb hisoblangan jangarilar Guantanamoga olib ketila boshlagan. Sababi - u yerdan qochish amri mahol. Bundan tashqari Guantanamo Kubaga qaragani uchun bu yerda AQSh qonunlari o'tmaydi va shu sabab mahbuslarni ayblovsiz cheksiz muddat ushlab turish mumkin.

31 yoshli o'zbekistonlik Oybek Jabborov ham bir necha o'zbeklar qatorida Guantanamoda saqlanmoqda. Uning bostonlik advokati Mayk Mounning aytishicha, Oybek u yerga baxtsiz tasodif tufayli tushib qolgan.

"Oybek 90-yillar oxirida O'zbekistondan chiqib ketgan. Avval Tojikistonda yashab, o'sha yerdan uylandi, so'ng Afg'onistonga qochqin sifatida chiqib ketishga majbur bo'ldi. Mozori-Sharifda oz vaqt yashadi, ammo keyin Afg'onistonga koalitsiya qo'shinlari kirdi."

Maykl Mounning aytishicha, notanish mamlakatga kirgan askarlar katta xatoga yo'l qo'ygan. Ular mahalliy aholiga jangarilarni tutib berish evaziga pul taklif qilgan. Natijada oson pul ishlamoqchi bo'lgan firibgarlar dastidan ko'plab begunoh odamlar AQSh qamoqxonalariga tusha boshladi. Shu jumladan Oybek ham.

"Oybek Kobuldan uyiga, Mozori-Sharifga qaytayotgan edi. Urush sabab qatnov bo'lmagani bois ko'p kutib qolgan. Uyda esa uni bir go'dak bilan homilador xotini kutib o'tirar edi. Yo'ldan o'tgan Shimoliy Alyans jangchilari uni Mozori-Sharifga tashlab qo'yishga va'da beradi, ammo aslida aldab, Bagram aviabazasiga olib boradi va uni jangari deb pul evaziga AQSh qo'shinlariga topshiradi."

Mounning aytishicha, Oybek bir oydan so'ng Qandahorga ko'chiriladi, yana 5 oydan so'ng esa Guantanamoga. Uning begunoh ekani ko'p o'tmay aniqlansada, Bush ma'muriyati Oybekka o'xshaganlarni ozod qilish uchun hali pishmagan edi. Qilingan xatolarni hech kim tan olishni istamasdi.

"Eng katta xato shu bo'lganki, Afg'onistonda qo'lga olinganlarni elakdan o'tkazishga vosita bo'lmagan. Tarjimonlar kam edi. So'roqlar shoshma-shosharlik bilan o'tkazilar, aybdor ham, aybsiz ham bir qozonda edi, deydi Moun."

Advokatga ko'ra, Guantanamodagi mahbuslarning atigi 5 foizigina AQSh kuchlari tomonidan qo'lga olingan. Oybek Jabborov jang maydonida ushlanmagan, qo'lida qurol bo'lmagan. U aybsiz saqlanmoqda, uning O'zbekiston Islomiy Harakatiga aloqadorligi isbotlanmagan, deydi Moun. Ammo uni qamoqxonadan chiqarish uchun buning o'zi kifoya emas.

AQSh terrorchilikda ayblanib Guantanomaga tushgan, biroq keyinchalik mamlakat xavfsizligiga tahdid emas deya tan olingan mahbuslarni AQShga kiritmoqchi emas. Ammo shu bilan birga ba'zilarini vataniga qaytarmoqchi ham emas. Masalan uyg'ur mahbuslarni Xitoyga yoki o'zbeklarni O'zbekistonga. Qo'shma Shtatlar ular vatanida qiynoqlarga solinadi degan xavotirda.

Shu sabab, deydi Maykl Moun, Oybekni qabul qilishga tayyor uchinchi mamlakat qidirilmoqda.

"Oybek Yevropada yashamoqchi. O'zbeklar zich yashaydigan ba'zi Yevropa davlatlari bilan aloqadamiz. Agar ular Oybekni qabul qilishga rozi bo'lsa, u tez orada qamoqdan chiqarilishi mumkin."

Maykl Moun Oybek bilan Guantanamoda besh marotaba uchrashgan. Unga ko'ra, Oybekning ruhi baland, o'zini yaxshi his qilmoqda. Ingliz tilini o'rganib olgan. Ozodlikka chiqqach, hali ko'rmagan ikkinchi o'g'lini bag'riga bosmoqchi.

Advokat Mounning aytishicha, Barak Obamaning prezident etib saylanishi ayni muddao bo'ldi, chunki u saylov kampaniyasi davomida Guantanamoni yopishga va'da bergan. Biroq bundan oldin, deydi Moun, mahbuslar taqdirini tezroq hal qilib, aybi yo'qlarini ozodlikka chiqarish zarur.

XS
SM
MD
LG